Bugun, 12-iyul kuni soat 14:45 da Toshkent shahridagi “Oʻzbekiston” mehmonxonasida yongʻin sodir boʻldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, Mirzo Ulugʻbek tumani “Mustaqillik” shohkoʻchasida joylashgan binoning 10-qavatida oʻt chiqqan. Qutqaruvchilar toʻrt daqiqada yetib borib, besh daqiqada yongʻinni oʻchirgan.
“Binoning yongʻinga qarshi oʻrnatilgan xavfsizlik tizimlari ishlagani sabab yongʻin oʻz vaqtida tezkorlik bilan bartaraf etilgan”, deyiladi xabardi.
Vazirlik binoning yongan qismi ishchi xizmatchilar xonasi ekanini qayd etgan. Mehmonxonada alanga tufayli tan jarohati olganlar yoʻqligi bildirilgan.
Avvalroq poytaxtdagi “Beshqoʻrgʻon” bozorida katta yongʻin sodir boʻlgani xabar qilingandi. Haligacha yongʻin sabablari va undan koʻrilgan talafot koʻlami ochiqlanmagan. “Daryo” muxbiri voqea joyida boʻlib, doʻkoni yongan oʻnlab tadbirkorlar bilan suhbatlashgan.Ular yonib ketgan mahsulotlari kompensatsiya qilinishiga ishonmasligini taʼkidlagan. Ayrimlar 200, baʼzilar 400 ming dollarlik tovarlari yonganini aytgan.








