Koreyadagi zavodda yuz bergan yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar yo‘q. Bu haqda 23-mart kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi (TIV) xabar berdi.
Joriy yil 20-mart kuni Tejon shahridagi avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqaruvchi zavodda yirik yong‘in kelib chiqqan. Oqibatda korxonadagi 170 nafarga yaqin ishchidan 14 nafari halok bo‘lgan, 60 kishi jabrlangan.
Zarurat yuzaga kelgan taqdirda O‘zbekiston fuqarolari Koreyadagi elchixonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishi mumkinligi eslatilgan:“Janubiy Koreya Respublikasining Techjon shahridagi avtoqismlar ishlab chiqarish zavodida ro‘y bergan yong‘in oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini maʼlum qilamiz. Mazkur masala O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamentining doimiy nazoratida bo‘lib, Koreya Respublikasidagi diplomatik vakolatxonamiz orqali tegishli idoralar bilan yaqin hamkorlikda ishlar davom ettirilmoqda”, deyiladi TIV bayonotida.
- +82 10 3213 4505;
- +82 10 2909 4334.
Avvalroq yong‘in sababi nomaʼlumligi, alanga zavod hududiga juda tez tarqalgani maʼlum qilingan. Voqea guvohlari zavodda portlash sodir bo‘lganini aytgan.
Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myong 21-mart kuni qutqaruv ishlarining borishi bilan tanishish hamda halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilalari bilan uchrashish uchun voqea joyiga borgan. Zavodga egalik qiluvchi Anjeon Industry kompaniyasi rahbari halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilalaridan uzr so‘ragan. Hodisa sabablarini aniqlash va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish uchun rasmiylar bilan hamkorlik qilishga vaʼda bergan.








