Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqot qilib, uni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi.
Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Rossiya yetakchisi davlat rahbariga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat, Oʻzbekiston xalqining farovonligi yoʻlidagi faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladi.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston—Rossiya har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Oʻzaro tovar ayirboshlash koʻrsatkichlarining oʻsish surʼatlarini saqlab qolish, ustuvor yoʻnalishlarda yetakchi korxona va kompaniyalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, ikki mamlakat hududlari oʻrtasidagi samarali hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Madaniy-gumanitar almashinuv faol davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzbekiston va Rossiya yetakchilari boʻlajak ikki tomonlama tadbirlar rejasini ham koʻrib chiqdi.
O‘zbekiston prezidenti 69 yoshni qarshi oldi
Shavkat Mirziyoyev 1957-yil 24-iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. 1981-yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan.
U 2003-yilda O‘zbekiston bosh vaziri etib tasdiqlangan, ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015-yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlangan. 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovi yakunlari bo‘yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O‘zbekiston prezidenti etib saylangan. 2021-yil 24-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovida 80,1 foiz ovoz bilan 7 yil muddatga O‘zbekiston prezidenti etib qayta saylangan. 2023-yil 9-iyulida bo‘lib o‘tgan saylovda esa Shavkat Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz olib, g‘olib bo‘lgandi. 14-iyulda tantanali qasamyod qilib, o‘z lavozimiga kirishdi. U “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.








