Daryo

Shavkat Mirziyoyev Si Szinpinni tug‘ilgan kuni bilan tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti umumiy sa’y-harakatlar va oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish mumkinligiga ishonch bildirdi.

1 daqiqa o‘qish4 373 ko‘rishlar0 izoh1

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisi Si Szinpinga tavallud kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Maktubda Xitoy Xalq Respublikasi va Xitoy Kommunistik partiyasining ulug‘ siyosiy namoyandasi sifatida Si Szinpin vatan va xalqqa bo‘lgan cheksiz mehr-muhabbat, ulkan mas’uliyat hissi va uzoqni ko‘ra olishga asoslangan strategik tafakkur bilan mamlakat xalqini yangi marralar sari boshlab borayotgani ta’kidlandi.

“Sizning oqilona rahbarligingiz ostida Xitoy modernizatsiyasi izchil davom etmoqda, millatning buyuk tiklanishi va yuksalishiga qaratilgan siyosatingiz mamlakatingiz tarixiga yorqin sahifa sifatida yozilmoqda”, deyiladi maktubda.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi yuksak sur’atiga alohida e’tibor qaratildi. So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va barcha sharoitlardagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yil sayin mustahkamlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

“Biz Yangi O‘zbekistonda olib borayotgan jadal islohotlarimizda Xitoy Xalq Respublikasi va shaxsan sizning doimiy ko‘magingiz hamda qo‘llab-quvvatlovingizni yaqindan his qilib kelyapmiz”, deyiladi maktubda.

O‘tgan yillar davomida barcha asosiy sohalarda o‘zaro manfaatli va ko‘p pog‘onali hamkorlik mexanizmlari shakllantirilgani, “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi doirasida katta amaliy natijalarga erishilgani qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev umumiy sa’y-harakatlar va oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish orqali O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish mumkinligiga ishonch bildirdi.

Yakunda davlat rahbari Si Szinpinga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, do‘st Xitoy xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va bardavom taraqqiyot tiladi.

Shavkat Mirziyoyev 14-iyun kuni AQSH prezidenti Donald Tramp 80 yoshga to‘lgani munosabati bilan tabrik yo‘llagan edi. Undan oldin O‘zbekiston prezidenti telefon orqali muloqotda 73 yoshni qarshi olgan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagandi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar