Daryo

Toshkentda kuryerga tarsaki tushirgan BYD haydovchisiga chora ko‘riladi

Haydovchi yashil chiroqda chorrahadan burilayotgan vaqtda skuter qizil chiroqda harakatlangani hamda avtomobilning orqa qismiga urilganini aytgan.

1 daqiqa o‘qish16 323 ko‘rishlar0 izoh5

Toshkentning Uchtepa tumanida yo‘l-transport hodisasidan so‘ng skuter haydovchisiga tarsaki tushirgan haydovchiga chora ko‘riladi. Holat bo‘yicha ma’muriy ish rasmiylashtirilib, materiallar sudga yuborildi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 19-iyuldan 20-iyulga o‘tar kechasi Vatan chorrahasida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, BYD avtomobili va Yandex xizmatidagi skuter ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz bergan.

Haydovchi skuter haydovchisiga jahl ustida bir marta tarsaki urganini tan olgan. Unga ko‘ra, u yashil chiroqda chorrahadan burilayotgan vaqtda skuter qizil chiroqda harakatlangan hamda avtomobilning orqa qismiga urilgan.

Fuqaro avtomobil boshqa kishiga tegishli bo‘lgani uchun asabiylashib skuter haydovchisiga tarsaki tushirganini bildirgan. “Skuterdagi boladan ham, aholidan ham uzr so‘rayman”, degan u.

Mas’ullarning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida hujjatlar rasmiylashtirilgan va qonuniy qaror qabul qilinishi uchun tuman sudiga yuborilgan.

2026-yil may oyida Toshkent tumanida yetkazib berish xizmati xodimini haqoratlab, tarmoqlarga video joylagan shaxslarning qilmishi oldindan o‘ylab topilgan tomosha ekanligi aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Holat yuzasidan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushbu shaxslarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 189-prim 1-moddasi bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, sudga yuborilgan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar