Ijtimoiy tarmoqlarda kuryer va ko‘p qavatli uy qorovuli o‘rtasidagi mojaro aks etgan video tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unda yetkazib berish xizmati xodimiga qo‘riqlash xodimi tomonidan jismoniy kuch ishlatilgani va haqorat qilingani aks etgan. Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumanlararo sudida ish ko‘rib chiqildi.
Hodisa 6-sentyabr kuni soat taxminan 14:30 larda Toshkent shahri Yunusobod tumani Bog‘iravon ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan birining oldida sodir bo‘lgan. Sudda ma’lum bo‘lishicha, 20 yoshli kuryer navbatdagi buyurtmani yetkazish uchun mazkur manzilga borgan. U mijozga qo‘ng‘iroq qilib, buyurtmani olib ketish uchun pastga tushishini kutgan.
Kuryerning suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, mijoz buyurtmani olib ketguniga qadar qorovul uni haqorat qilgan va boshidagi kepkasini olib, qaytarib bermagan. Shuningdek, qorovul uning qancha pul topishi haqida haqoratli tarzda gapirganini aytgan. Kuryer voqeani videoga olayotganini bildirganidan keyin ham tortishuv davom etgan.
Qorovul esa kuryerning binoga kirganini o‘z vazifasini bajarish jarayonida to‘xtatishga uringanini aytgan. Erkakning so‘zlariga ko‘ra, u kuryerga mijozga telefon qilib, tashqarida kutishini tushuntirgan. Biroq kuryer boshqa yashovchilar bilan birga binoga kirib ketgan. Shundan so‘ng jahli chiqib, kuryerga qattiq gapirganini va so‘kkanini tan olgan.
Sudda tomonlarning ko‘rsatmalari tinglangan. Holat yuzasidan qorovulga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga yuborilgan.
20-iyul kuni Toshkentning Uchtepa tumanida yo‘l-transport hodisasidan so‘ng haydovchi skuterdagi kuryerga tarsaki tushirgani haqida xabar berilgandi. Holat bo‘yicha ma’muriy ish rasmiylashtirilib, materiallar sudga yuborilgan.








