Daryo

Toshkentda ko‘cha bezorilari fuqaroni garovda ushlab, oilasidan pul talab qildi

Ikki shaxs jabrlanuvchini urib, avtomobilga majburan o‘tqazib, pichoq bilan tahdid qilgan. Oilasidan 1700 dollar olgach, uni qo‘yib yuborishgan.

1 daqiqa o‘qish10 509 ko‘rishlar0 izoh6

Toshkent shahar IIBB va Davlat xavfsizlik xizmatining poytaxt bo‘yicha boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tovlamachilik bilan bog‘liq jinoyat fosh etildi. Bu haqda boshqarma axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, o‘zini ko‘cha bezorisi sifatida tutib kelgan ikki shaxs Shayxontohur tumani Samarqand darvoza ko‘chasida fuqarolardan birini urib, tan jarohati yetkazgan. Ular jabrlanuvchini zo‘rlik bilan avtomobilga o‘tqazib, noma’lum tomonga olib ketgan va pichoq bilan qo‘rqitib, 1700 dollar talab qilgan. Jabrlanuvchining oila a’zolari pulni bergach, u qo‘yib yuborilgan.

Oradan bir necha kun o‘tib, gumonlanuvchilar yana 1400 dollar talab qilgan, keyinchalik esa qo‘shimcha ravishda 1600 dollar so‘rashgan. Holat yuzasidan olingan ko‘rsatmalarda ulardan biri uchrashuvga pichoq bilan kelganini tan olgan.

Mazkur holat bo‘yicha Nurmuhammad va Sanjar ismli shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan, tergov harakatlari davom etmoqda.

O‘zbekiston hududlarida 2026-yil boshidan buyon ko‘cha bezoriligi, tovlamachilik, zo‘ravonlik va fuqarolarga bosim o‘tkazish bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha ketma-ket tezkor tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamentining “Daryo”ga bergan izohiga ko‘ra, mazkur tezkor tadbirlar kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, uyushgan bezorilik va og‘ir jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan kuchaytirilgan choralar doirasida amalga oshirilmoqda.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar