Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi O‘rikzor bozorida bir guruh erkaklar o‘zaro mushtlashdi. Holat yuzasidan poytaxt IIBB munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, voqea “Yusuf Sakkokiy” mahallasida joylashgan bozor hududida sodir bo‘lgan. Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, haydovchi va fuqarolar o‘rtasida yo‘l harakati jarayonida kelib chiqqan tortishuv o‘zaro janjalga aylanib ketgan.
Tekshiruv davomida tomonlar bir-biriga nisbatan kuch ishlatgani, voqea joyida temir jism va toshlar qo‘llangani aniqlangan. Ayrim ishtirokchilar tan jarohati olgani ma’lum qilingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, barcha ishtirokchilarning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi.
Toshkent shahar IIBB fuqarolarni jamoat joylarida yurish-turish qoidalariga rioya qilishga, nizolarni zo‘ravonlik yo‘li bilan hal qilmaslikka chaqirdi.








