O‘zbekistonda xorijiy davlatlarga sayohat qiluvchi fuqarolarni himoya qilish maqsadida “Xavfsiz turizm” jamg‘armasi tashkil etiladi. Bu ko‘zda tutilgan qaror loyihasi 30-iyulgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Unga ko‘ra, Turizm qo‘mitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Xavfsiz turizm” jamg‘armasi tashkil etiladi. Сhiqish turizmi sohasida ishlovchi turoperatorlar litsenziya olishda jamg‘armaga kamida 50 ming AQSH dollari ekvivalentida zaxira mablag‘i kiritishi belgilanmoqda. Turoperatorlar ushbu zaxira mablag‘ining belgilangan miqdordan kamayib ketmasligini ta’minlashi shart.
Zaxira mablag‘laridan quyidagi hollarda foydalaniladi:
- turizm xizmatlarini lozim darajada ko‘rsatmaslik oqibatida jabr ko‘rgan turistlarga yetkazilgan moddiy zararni qoplash;
- turistlarni vaqtincha joylashtirish, oziq-ovqat, transport, aloqa, evakuatsiya va repatriatsiya qilish bilan bog‘liq zarur xarajatlarni qoplash;
- sud qaroriga, turistning yoki uning qonuniy vakilining murojaatiga, shuningdek, Turizm qo‘mitasining asoslantirilgan qaroriga muvofiq boshqa zarur xarajatlarni moliyalashtirish.
Sayohat qiluvchi O‘zbekiston fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatlash maqsadida har bir realizatsiya qilingan turistik mahsulot bo‘yicha jamg‘armaga maqsadli kafolat yig‘imi undirilishi ham rejalashtirilgan. Maqsadli kafolat yig‘imi turistik mahsulot realizatsiya qilingan sanada amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdorining 0,15 baravari miqdorida belgilanadi.
Maqsadli kafolat yig‘imi jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalaridan biri hisoblanadi. “Xavfsiz turizm” jamg‘armasiga o‘tkaziladigan maqsadli kafolat yig‘imidan o‘zbekistonlik turistlarni himoya qilish, evakuatsiya va repatriatsiya xarajatlarini qoplashda foydalaniladi. Maqsadli kafolat yig‘imi har bir turist bo‘yicha Milliy turizm platformasi orqali hisoblanadi va turistik kod shakllantirilishidan oldin jamg‘armaga o‘tkaziladi.
Bundan avval O‘zbekistonda yoz mavsumida turizm sohasi uchun yangi ish rejimi taklif qilingani haqida xabar berilgandi. Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida tajriba-sinov tariqasida har yili 1-iyundan 31-avgustgacha turizm sohasi korxonalari va tashkilotlari uchun “siyesta” (tanaffus) ishini tashkil etish taklif etildi.








