O‘zbekistonga 2026-yilning yanvar—iyul oylarida turistik maqsadlarda 7 749 308 nafar xorijlik tashrif buyurdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Turistlar oqimida Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari yetakchilik qilmoqda. Yetti oyda O‘zbekistonga Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistondan jami 5,76 mln nafardan ortiq turist kelgan. Bu mamlakatga tashrif buyurgan jami turistlarning qariyb 74 foizini tashkil etadi. Turistlar soni mamlakatlar kesimida quyidagicha:
Qirg‘iziston — 2 177 108 nafar;
Qozog‘iston — 1 855 562 nafar;
Tojikiston — 1 728 978 nafar;
Rossiya — 710 824 nafar;
Afg‘oniston — 281 200 nafar;
Xitoy — 269 735 nafar;
Turkmaniston — 192 830 nafar;
Turkiya — 111 908 nafar;
Hindiston — 32 462 nafar;
Janubiy Koreya — 26 512 nafar.
Joriy yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistonga 6 565 410 nafar turist kelgani qayd etilgandi. Taqqoslash uchun, 2025-yilning yanvar—iyul oylarida O‘zbekistonga qariyb 6,32 mln xorijiy turist kelgan. Bir yil ichida turistlar soni qariyb 1,43 mln nafarga ko‘paygan.
Avvalroq, prezident qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-iyundan boshlab har yili iyun–avgust oylarida “Ochiq turizm mavsumi” dasturi e’lon qilinishi belgilangan edi. Dastur doirasida O‘zbekistonga yangi reyslarni tashkil etgan aviatashuvchilarga har bir jalb qilingan xorijiy turist uchun 100 AQSH dollari miqdorida subsidiya to‘lanadi.








