Daryo

Yaponiyadan chiqish solig‘i uch baravarga oshdi

Mazkur soliqni ham mahalliy, ham xorijiy fuqarolar to‘laydi. Yaponiya viza to‘lovlari narxini ham besh barobar oshirgan.

1 daqiqa o‘qish7 895 ko‘rishlar0 izoh10

Yaponiya mamlakatdan chiqish solig‘ini uch baravarga oshirdi. Tegishli chora sayyohlar oqimini tartibga solishga qaratilgan. Bu haqda NHK xabar berdi.

1-iyuldan boshlab Yaponiya barcha sayohatchilar — ham chet elliklar, ham mamlakat fuqarolari uchun chiqish solig‘ini uch baravar oshirmoqda. Endilikda mamlakatdan chiqishda 3 ming iyena (taxminan 220 ming so‘m) to‘lash kerak bo‘ladi. Ushbu soliq har yili byudjetga qariyb 50 milliard iyena (taxminan 307 mln dollar)daromad keltirmoqda. Tariflar oshirilgandan so‘ng qo‘shimcha tushumlar yiliga qariyb 120 milliard iyenani (taxminan 741 million dollar) tashkil etishi kutilmoqda.

Yaponiya hukumati viza to‘lovlari narxini ham besh barobarga oshirgan. Bir martalik viza uchun yig‘im 15 ming iyenani (1 million so‘mdan ortiq) tashkil etadi. Shu tariqa Yaponiya muntazam o‘sib borayotgan xorijiy sayyohlar sonini boshqarishga intilmoqda.

2026-yilda ba’zi diqqatga sazovor joylarga tashrif buyurish uchun norezidentlarga kirish chiptalari narxi sezilarli darajada oshgandi. Xususan, 1-martdan boshlab YUNESKOning Butunjahon merosi obyekti bo‘lgan Ximeji qal’asiga kirish chiptasi xorijiy sayyohlar uchun 2500 iyenaga (184 ming so‘m) ko‘tarilgan. 2025-yilda mazkur qal’aga tashrif buyurgan xorijliklar soni 2018-yildagi 387 ming kishidan 547 ming kishiga yetgandi.

Yaponiyaga qancha sayyoh tashrif buyurdi?

Mamlakatga tashrif buyuruvchilar 2013-yilda ilk bor 10 milliondan oshgan bo‘lsa, 2025-yilda ularning soni 42 milliondan ko‘proqni tashkil etdi. Hukumat o‘n yillik oxirigacha bu ko‘rsatkich 60 millionga yetishini prognoz qilmoqda.

2025-yilda xorijiy sayyohlarning xarajatlari 16 foizga o‘sib, rekord darajadagi 9,5 trillion iyenaga (59 mlrd dollar) yetdi. Mamlakatdan chiqish solig‘i va viza to‘lovlarining oshirilishidan tushgan daromadlarning katta qismi shikoyatlarga sabab bo‘layotgan chiqindi tashlash va boshqa xatti-harakatlarga qarshi kurashish choralariga yo‘naltiriladi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar