Aholi sonining ortib borayotganiga qaramay, Toshkentda ko‘chmas mulk bozorida keskin narx o‘zgarishlari kuzatilmadi. Bu haqda 3-iyul kuni Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi xabar berdi.
Markaziy elektron savdo platformalaridagi ma’lumotlar asosida Toshkent shahridagi turar joy va noturar obyektlarning bir oy ichidagi o‘rtacha bozor narxlarini o‘rgandi. Tahlil natijalariga ko‘ra, aksariyat hududlarda narxlar barqaror saqlanib, o‘sish sur’atlari mo‘tadil darajada davom etmoqda.
Ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarning o‘rtacha narxi
1-iyul holatiga ko‘ra, poytaxtda ko‘p kvartirali uylardagi xonadonlarning o‘rtacha narxi 1 kvadrat metr uchun 16,5 mln so‘mni tashkil etdi. Iyun oyida bu ko‘ratkich 16,4 mln so‘mni tashkil etgan. Eng qimmat uylar Shayxontohur tumanida bo‘lib, 1 kvadrat metri o‘rtacha 25,3 mln so‘m. Undan keyingi o‘rinlarda Mirobod (23,2 mln so‘m) va Yakkasaroy (20,5 mln so‘m) joylashgan. Eng arzon xonadonlar esa Yangihayot (11 mln so‘m), Sergeli (11,45 mln so‘m) va Bektemir (11,5 mln so‘m) tumanlarida.
Yakka tartibdagi uy-joylar 1 sotix yeri o‘rtacha narxi
Toshkentda yakka tartibdagi uy-joylar bozorida 1 sotix yerning o‘rtacha narxi bir oyda 912,9 mln so‘mdan 916,9 mln so‘mga oshdi. Bunday uylar bo‘yicha qimmat hudud Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘ldi, bu yerda 1 sotixning o‘rtacha narxi 1,72 mlrd so‘mni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Yakkasaroy (1,64 mlrd so‘m) va Yunusobod (1,44 mlrd so‘m). Eng arzoni esa Bektemir (394 mln so‘m) va Yangihayot (405 mln so‘m) tumanlarida.
Bir oy ichida xususiy uy-joylar narxi Sergeli (-0,5 foiz) va Chilonzor (-0,1 foiz) tumanlarida biroz pasaydi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2026-yilning dastlabki besh oyida 21 553 nafar fuqaroga ipoteka kreditlari ajratildi. Ipoteka subsidiya xabarnomasiga ega fuqarolarga pullarini bankda ko‘paytirish imkoniyati beriladi. Hukumatning 4-iyulda kuchga kirgan qarori bilan ayrim tibbiyot xodimlariga uy sotib olish uchun subsidiya berish tartibi ham tasdiqlandi.








