O‘zbekistonda subsidiya xabarnomasiga ega fuqarolarga pullarini bankda ko‘paytirish imkoniyati beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar qildi.
Tegishli hujjatga asosan subsidiya xabarnomasiga ega fuqarolar birlamchi uy-joy bozoridan kvartira sotib olish uchun dastlabki badalni shakllantirish maqsadida tijorat banklarida maxsus maqsadli ipoteka omonati hisobvarag‘ini ochishi va undan foydalanish tartibi belgilandi.
Yangi tartib qanday ishlaydi?
Talabgor subsidiya xabarnomasining amal qilish muddati davomida ipoteka omonati hisobvarag‘ini ochish uchun bankka ariza bilan murojaat qiladi. Bank 3 ish kuni ichida hujjatlarni ko‘rib chiqib, fuqaro bilan shartnoma imzolaydi yoki rad etish sabablarini ko‘rsatgan holda xabar yuboradi.
Shundan so‘ng talabgor dastlabki badalning o‘z mablag‘i hisobidan shakllantiriladigan qismidan kam bo‘lmagan mablag‘ni ushbu hisobvaraqda jamg‘aradi. Bank esa subsidyplatform.mf.uz to‘lov platformasi orqali dastlabki badal subsidiyasini tushirib berishni so‘rab Iqtisodiyot va moliya vazirligiga buyurtmanoma yuboradi. Vazirlik 5 ish kuni ichida subsidiyani omonatchining hisobvarag‘iga o‘tkazib beradi.
Asosiy qulaylik — foiz hisoblanishi
Ipoteka omonati hisobvarag‘idagi mablag‘larga pul kelib tushgan kunning ertasidan boshlab, hisobvaraq yopilguniga qadar bozor stavkasi asosida foiz hisoblanadi.
Agar qandaydir sababga ko‘ra ipoteka krediti ajratish rad etilsa, omonatchining o‘z mablag‘lari hisoblangan foizlari bilan o‘ziga, dastlabki badal subsidiyasi esa foizlari bilan birga davlat byudjetiga qaytariladi.
Kredit muvaffaqiyatli ajratilgandan so‘ng esa hisobvaraqda shakllangan jami mablag‘lar (omonat, hisoblangan foizlar va ipoteka krediti mablag‘lari) kvartira sotib olish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri qurilish-pudrat tashkilotiga o‘tkazib beriladi.
Avvalroq O‘zbekiston aholisiga 2025-yilda jami qancha ipoteka kreditlari ajratilgani xabar qilingandi.








