Daryo

O‘zbekistonda ayrim shifokorlarga imtiyozli ipoteka krediti berish tartibi tasdiqlandi

Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning 25 foiz dastlabki badali to‘lab beriladi.

2 daqiqa o‘qish10 450 ko‘rishlar0 izoh0

Vazirlar Mahkamasining 4-iyulda kuchga kirgan qarori bilan O‘zbekistonda ayrim tibbiyot xodimlariga uy sotib olish uchun subsidiya berish tartibi tasdiqlandi.

Qaror bilan “Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi. Prezidentning 2025-yil 9-noyabrdagi qarorida har yili 15 yil ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning 25 foiz dastlabki badali to‘la berilishi ko‘rsatilgandi.

Nizomga ko‘ra, subsidiya fuqaro yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilgan hudud doirasida ajratiladi. Fuqaro yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilgan hududdan qat’iy nazar, istalgan hududdan subsidiya dasturi doirasida birlamchi uy-joy bozoridan uy-joylarni ipoteka krediti asosida sotib olishi mumkin.

Ariza beruvchi subsidiya olish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz orqali murojaat qilishi mumkin. Ariza beruvchini baholashda quyidagilar tasdiqlanishi shart hisoblanadi:

  • amalda davlat tibbiyot muassasasida faoliyat yuritayotgani;
  • davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega ekanligi.
Subsidiya 1 oilaga (eri yoki xotiniga) faqat bir marta beriladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi subsidiya.mf.uz axborot dasturiy ta’minot tizimi orqali avtomatik tekshirish, reyestrlarni shakllantirish va qarorlar/xabarnomalarni elektron tarzda yetkazish hamda subsidiya to‘lovlarini amalga oshirishni ta’minlashi lozim.

Quyidagi hollarda ariza beruvchiga subsidiya ajratish rad etiladi:

  • taqdim etilgan arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar mezonga mos kelmaganda;
  • taqdim etilgan ma’lumotlar noto‘g‘ri yoki soxta bo‘lganda;
  • boshqa uy-joy subsidiya dasturlari doirasida ariza beruvchining yoki uning turmush o‘rtog‘ining subsidiyadan foydalangani aniqlanganda (shu jumladan avval olingan subsidiyali ipoteka kreditini so‘ndirgan va uy-joy boshqa shaxsga begonalashtirib yuborilgan taqdirda ham);
  • ariza beruvchi davlat dasturlari doirasida ajratilgan ipoteka kreditlaridan foydalangani aniqlanganda (bunda qarz oluvchi tomonidan 2024-yil 1-mayga qadar olingan kreditlar hisobga olinmaydi).

Subsidiya g‘oliblari reyestr asosida tasodifiy tarzda tanlash orqali aniqlanadi

Tanlov onlayn tarzda o‘tkaziladi. Bunda mezonlarga to‘liq muvofiq ishtirokchilar orasidan har chorak uchun belgilangan kvota doirasida 125 nafar g‘olib avtomatik tasodifiy tanlash imkonini beruvchi veb-saytlar (random.org) orqali aniqlab olinadi. Tanlov jarayoni shaffofligi va natijani qayta tekshirish imkoniyatini ta’minlash maqsadida tanlovning onlayn translyatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanallari orqali amalga oshiriladi va yozuvi arxivlanadi, tanlovda aynan qaysi reyestrdan foydalanilgani va reyestr o‘zgarmagani tasdiqlanadi, tanlov natijalari dasturiy ta’minot tizimida g‘oliblarning ariza IDlari kesimida e’lon qilinadi.

Har bir ishtirokchi YIDXPdagi shaxsiy manzili orqali o‘z natijasini ko‘radi hamda natija uning egasiga subsidiya ajratish xabarnomasi yuborilib, SMS orqali ham xabardor qilinadi.

Subsidiya ajratish xabarnomasini olgan g‘olib uy-joyni ipoteka krediti orqali sotib olish bo‘yicha qurilish (pudrat) tashkiloti bilan birlamchi shartnoma tuzadi.

O‘zbekistonda subsidiya xabarnomasiga ega fuqarolarga pullarini bankda ko‘paytirish imkoniyati ham beriladi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar