Oʻzbekistonda koʻp qavatli uylar qurib bitkazishga boshqa davlatlarga nisbatan uzoq vaqt sarflanyapti. Bu haqda 26-yanvar kuni Toshkent shahrida oʻtgan qurilish sohasidagi tadbirkorlar bilan uchrashuvda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini rivojlantirish qoʻmitasi raisi Sherzod Kudbiyev maʼlum qildi.
Savdo-sanoat palatasi tashkil qilgan muloqotda hukumat va biznes vakillari qurilish sohasidagi muammolar va yechimlar haqida suhbatlashgan. Tadbirda Sherzod Kudbiyev Oʻzbekistonda bir uyni qurishga oʻrtacha uch yil ketishini, boshqa davlatlarda bu jarayon 1 yil 8 oyda tugallanishini aytgan.
“Bizda nega uy qurilishiga uch yil ketadi? Muammo yerdami, qurilish materiallaridami yoki byurokratiyadami? Tartiblarni osonlashtirib, qurilish davrini qisqartirmoqchimiz. Buning uchun yerni qurilishga tayyor holda sotish mexanizmi joriy etiladi. Qayerda, qachon va nechta uy qurilishi, vaqtida bitmasa, javobgarligi kimda boʻlishi, elektrga belgilangan muddatda ulanmasa, nima chora koʻrilishi belgilanadi”, dedi qoʻmita raisi.

Muloqotda Sherzod Kudbiyev ayrim tadbirkorlar qurilish qonun-qoidalariga amal qilmayotganini aytgan. Masalan, binoga ruxsat berilgan qavatdan ortiq qavatlar qurish yoki qishloq xoʻjaligi yerlariga bino koʻtarish holatlari koʻp uchrashini bildirgan. Shaharlarda davom etayotgan tartibsiz qurilishlar ham jiddiy muammolar tugʻdirishiga urgʻu bergan.
“Shaharlarimizni shunday qurishimiz kerakki, aholi uyidan chiqib, 15 daqiqada xohlagan joyiga yetib borsin. Masalan, 15 daqiqada parkka, bozorga, poliklinikaga yoki ishxonasiga yetib borish imkoniyati boʻlishi kerak. Lekin afsuski, jarayon hozirgidek davom etaversa, qurilish boʻyicha tartibni kuchaytirmasak, chorrahalar shunchalik toʻlib ketadiki, 15 daqiqada uyimiz devoridan chiqa olmaydigan holga kelib qolyapmiz. 10 yildan keyin qanaqa shaharda yashaymiz? Ertaga shahar iqtisodiyoti qanday boʻladi? Hali hal qilinishi zarar boʻlgan masalalar juda koʻp”, dedi qoʻmita rahbari.
Sherzod Kudbiyev soʻzi davomida ayrim quruvchilar yerlardan shaharsozlik qoidalari asosida foydalanmayotganini tanqid qildi. Uning aytishicha, bir gektar maydonning 33 foiziga qurilish qilinishi, kamida 25 foizi yashil hudud boʻlishi kerak. Lekin aksar developerlar mazkur talablarni bajarishni istamaydi.
“Biz nima qilyapmiz? Yashil hududga 12 foiz qoldirilyapti. Ayrim joylarda shu ham yoʻq. Iloji boʻlsa, shu maydonning 100 foiziga qurib yuborsa. Nafas olishimiz kerak — yoʻl, maktab, podstansiyalarga joy zarur”, dedi u.
Maʼlumot uchun, shaharlarda qurilishlar shaharsozlik normalari va qoidalariga asosan amalga oshirilishi kerak. Hujjatda yozilishicha, shaharlarda turar joy hududi aholi soni va binolar qavatiga qarab belgilanadi. Masalan, baland va yuqori qavatli uylar qurilishiga har ming kishi uchun 7 gektar, yakka tartibdagi uylarda 20–25 gektar maydon ajratilishi kerak. Turar joy hududlarida yashil maydonlar ulushi kamida 25 foiz boʻlishi tavsiya qilingan. Toshkent shahrida esa har 100 metr kvadrat bino maydoniga kamida bitta daraxt va ikkita buta koʻchati toʻgʻri kelishi (ekilishi) shart.
Qonunchilikka binoan, aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga zid ravishda binolar loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish yoki qurish maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladi. Agar bu harakat takroran sodir etilsa, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
2025-yilda Oʻzbekistonda jami 135 mingta xonadonli koʻp qavatli uylar qurib bitkazilgan. Bu koʻrsatkich 2024-yilda 100 mingtani tashkil etgan. Oʻtgan yil yakunida respublikada qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 55 mingtadan oshgan(bir yil avvalgidan 12 foiz koʻp).








