3-iyul kuni soat 10:00 da Oliy sud plenumining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar berdi.
Majlisda fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish amaliyoti, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy sudlarda da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) choralarini qo‘llashning ayrim masalalari ko‘rib chiqiladi.
Shu bilan birga, Oliy sud va sobiq Oliy xo‘jalik sudi plenumlarining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga oid qaror loyihalari muhokama qilinadi.
Qayd etilishicha, ilk bor Oliy sud plenumi majlisi Oliy sudning Interaktiv xizmatlari portali orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda namoyish etiladi.
Prezident tomonidan Robaxon Anvarovna Mahmudovani Oliy sud raisi lavozimiga saylash to‘g‘risidagi taqdimnoma Oliy Majlis Senatiga kiritilgandi.
Yuqori palata kengashi 18-iyun kuni Mahmudovani sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davriga va Oliy sudi raisi lavozimiga besh yil muddatga saylash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan.








