Daryo

Filippindagi maktabda o‘quvchi jonli efirda otishma uyushtirdi

Oqibatda 10-sinf o‘quvchisi halok bo‘ldi va yana ikki kishi jarohatlandi. Hujumchi voqeani tanasiga o‘rnatilgan kamera orqali ijtimoiy tarmoqda ulashdi.

2 daqiqa o‘qish6 372 ko‘rishlar0 izoh0

Filippinning Zamboanga shahridagi maktablardan birida 18-avgust kuni otishma yuz berdi. O‘quvchi yigit sinfda boshqa bir o‘quvchini otib o‘ldirdi, so‘ngra o‘z joniga qasd qildi. U buni ijtimoiy tarmoqda jonli efirga uzatgan holda amalga oshirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Mamlakatda oxirgi ikki oy ichida ushbu holat ikkinchi marta sodir bo‘lmoqda. Filippin prezidenti Ferdinand Markos huquq-tartibot organlariga hodisani surishtirishni buyurdi. Shuningdek, maktablarda zo‘ravonlikning oldini olish choralari ko‘riladi.

“Maktablar — farzandlarimiz bilim oladigan, ulg‘ayadigan va kelajak haqida orzu qiladigan maskandir. Ular mamlakatimizdagi eng xavfsiz joylardan biri bo‘lishi kerak”, dedi Markos o‘z bayonotida.

Otishma xususiy Ateneo de Zamboanga universitetiga qarashli maktabda qayd etildi. Politsiyaning dastlabki xabariga ko‘ra, bosqinchi maktab hududiga to‘pponcha va miltiq olib kirgan. Keyin sinfdagi o‘quvchilarga qarata o‘t ochgan. Zamboanga meri Ximer Adan Olaso tafsilotlarni ochiqladi. Unga ko‘ra, o‘quvchi tanasiga kamera o‘rnatgan. U hujumni shu kamera orqali jonli efirga uzatgan.

Tarmoqlarda tarqalgan videoda otishma sodir etgan shaxs sinfga kirib, o‘t ochgani ko‘rinadi. So‘ngra u qurolini almashtirgan va Ikkinchi sinfga kirib, yana o‘q uzgan. U bu ishni nima sababdan amalga oshirgan hozircha noma’lum. Bojxona xizmati mulozimining aytishicha, otishma sodir etgan bola 40 kalibrli to‘pponchadan foydalangan. Bu qurol uning otasiga Bojxona byurosi tomonidan berilgan bo‘lgan. Otasi allaqachon lavozimidan ozod etilgan. Voqea joyidan topilgan ikkinchi qurol ham otasiga tegishli bo‘lgan.

GMA News efirga uzatgan videoda tartibsizlik va sarosima aks etgan. O‘q ovozlari eshitilgach, o‘quvchilar yashirinishga harakat qilgan. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan o‘quvchi 10-sinfda o‘qir edi. Otishma sodir etgan 9-sinf o‘quvchisi esa o‘zini o‘ldirgan. Shuningdek, yana ikki kishi yaralangan.

Shahar kengashi a’zosi Frederik Atilanoning qo‘shimcha qilishicha, qurbon bo‘lgan o‘quvchi maktabning to‘rtinchi qavatida topilgan. Hujumchi esa beshinchi qavatda o‘z joniga qasd qilgan.

Maktab binosi 5 qavatdan iborat bo‘lib 8 gektarli hududda joylashgan. Bino ichida universitetning boshlang‘ich va o‘rta maktablari bor. Qochish paytida sarosimaga tushgan bir nechta o‘quvchi jarohat olgan. Ularga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Maktabda darslar vaqtincha to‘xtatildi.

Iyun oyida ham shunday voqea bo‘lgan edi. Takloban shahridagi davlat maktabida ikki o‘quvchi o‘t ochgan. O‘shanda kamida 3 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan va 20 ga yaqini yaralangandi.

Filippinda maktablardagi otishmalar kam uchraydi. Mamlakatda qurolga egalik qoidalari qat’iy belgilangan. Qurol olish uchun insonning ruhiy holati va shaxsiyati tekshiriladi. Shunga qaramay, noqonuniy qurollar tarqalishi muammo bo‘lib qolmoqda.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar