Daryo

Suriyada oʻzbekistonlik jangari oʻldirib ketildi — OAV

Nomaʻlum shaxslar uning mashinasini oʻqqa tutgan. Marhum “Hay’at Tahrir ash-Shom”ga aloqador guruh tarkibida boʻlgan.

1 daqiqa o‘qish16 381 ko‘rishlar0 izoh10

Suriyaning Idlib provinsiyasida oʻzbekistonlik jangari oʻldirib ketildi. Bu haqda mahalliy manbalarga tayanib, Syriahr xabar berdi.

Al-Fua tumanida nomaʻlum shaxslar oʻzbekistonlik jangarining avtomobilini oʻqqa tutgan, oqibatda u voqea joyida halok bo‘lgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Marhum Suriyadagi “Hay’at Tahrir ash-Shom” (HTSH) guruhiga kiruvchi “Qizil otryadlar” tarkibida bo‘lgan.

2024-yil noyabr oyi oxirida qurolli isyonchilar, asosan HTSH jangchilari Suriya shimolida keng koʻlamli yurish boshlagan edi. Ular Idlib viloyati, Halab shahri, Hama va Homs viloyatlari hududlarining bir qismini o‘z nazoratiga olgan. Shundan so‘ng poytaxt Damashqqa kirgan. Prezident Bashar Asad esa oilasi bilan Rossiyaga qochib ketgan.

2025-yilga kelib “Hay’at Tahrir ash-Shom” guruhi yetakchisi Ahmad ash-Shara’a (Abu Muhammad al-Juloniy) Suriyaning o‘tish davri prezidenti deb e’lon qilingandi. Oʻsha yili Suriya xavfsizlik kuchlari Idlib shahrida xorijliklar, jumladan, oʻzbekistonlik jangarilarga qarshi bir qator reydlar oʻtkazgan. 

2025-yil iyun oyida Abu Dujon al-O‘zbekiy taxallusi bilan tanilgan harbiy instruktor Ayyub qo‘lga olingan. Uni Suriyaning xavfsizligi guruhi hibsga olib, noma’lum joyga olib ketgan. Avgust oyi oxirida Al-Qusur tumanidagi reyd natijasida yana bir o‘zbekistonlik — Islom al-O‘zbekiy ushlangan. Unga qarshi operatsiya jangarining joylashuvi haqidagi ma’lumotlar qoʻlga kiritilgach, amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, Suriya xavfsizlik kuchlari 3-sentyabr kuni Idlib g‘arbidagi Haram tumanida ISHID hujayrasini yo‘q qilgan. Qo‘lga olinganlar orasida Iroq va O‘zbekistondan kelgan jangarilar ham boʻlgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar