Daryo

Suriyada oʻzbek jangarilariga qarshi reyd oʻtkazildi — El Manshar

Bundan tashqari, Idlib shahrida ISHID hujayrasi yo‘q qilindi. Qo‘lga olinganlar orasida Iroq va O‘zbekistondan kelgan jangarilar ham bo‘lgan.

1 daqiqa o‘qish2 046 ko‘rishlar0 izoh4

Suriya xavfsizlik kuchlari Idlib shahrida xorijliklar, jumladan, oʻzbekistonlik jangarilarga qarshi bir qator reydlar oʻtkazdi. Bu haqda mahalliy manbalarga tayanib, El Manshar xabar berdi.

Ma’lumotlarga koʻra, 2025-yil iyun oyida Abu Dujon al-O‘zbekiy taxallusi bilan tanilgan harbiy instruktor Ayyub qo‘lga olingan. Uni Suriyaning xavfsizligi guruhi hibsga olib, noma’lum joyga olib ketgan.

Avgust oyi oxirida Al-Qusur tumanidagi reyd natijasida yana bir o‘zbekistonlik — Islom al-O‘zbekiy ushlangan. Unga qarshi operatsiya jangarining joylashuvi haqidagi ma’lumotlar qoʻlga kiritilgach, amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, Suriya xavfsizlik kuchlari 3-sentyabr kuni Idlib g‘arbidagi Haram tumanida ISHID hujayrasini yo‘q qilgan. Qo‘lga olinganlar orasida Iroq va O‘zbekistondan kelgan jangarilar ham boʻlgan.

Suriya manbalariga ko‘ra, 2020-yildan beri xorijiy jihodchilarni shu “Al-Qoida” va ISHID bilan aloqador guruhlarni tozalash kampaniyasi olib borilmoqda. Operatsiyalarning maqsadi mintaqa ustidan nazoratni kuchaytirish va parallel hokimiyat markazlari paydo bo‘lishining oldini olishdir, deyiladi xabarda.

ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar