Daryo

AQSH Ukraina va Erondagi urush sabab dunyodagi eng yirik neft eksportchisiga aylandi

Vashington energetika sohasida Saudiya Arabistonini ham ortda qoldirdi. Hormuz bo‘g‘ozi yopilishidan eng ko‘p Amerika kompaniyalari foyda ko‘rmoqda.

4 daqiqa o‘qish5 508 ko‘rishlar0 izoh4

AQSH Ukraina va Erondagi urush ortidan dunyodagi eng yirik neft eksportchisiga aylandi. Bu voqea o‘n yilliklar davomida Saudiya Arabistoni va Rossiya yetakchilik qilib kelgan tartibni o‘zgartirib yubordi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Vashington va Tehron o‘rtasidagi urush global energiya savdosini qayta shakllantirmoqda. Bu esa Amerika kompaniyalarining energiya bozoridagi mavqeyini yanada mustahkamlamoqda.

AQSHning birinchi o‘ringa ko‘tarilishi mamlakat uchun katta burilish bo‘ldi. Chunki Qo‘shma Shtatlar o‘n yillar davomida Yaqin Sharq neftiga qaram edi. Hatto 1973-yilda OPEK tashkilotining ba’zi a’zolari AQSHning Isroilni qo‘llab-quvvatlaganiga javoban unga qarshi neft embargosi joriy qilgandi.

AQSHning omadi 2010-yildan keyin kula boshladi. O‘shanda mamlakatda slanes jinslaridan neft va gaz qazib olish keskin ortdi. Natijada AQSH dastlab gaz qazib olish bo‘yicha, keyin esa neft qazib olish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi.

2026-yilning fevral oyidan beri davom etayotgan AQSH–Eron urushi Saudiya Arabistoni neft eksportiga xalaqit bermoqda. Rossiya eksporti esa Ukrainaning dron hujumlari va AQSH sanksiyalari tufayli zarar ko‘rmoqda. Shu sababli AQSH dunyodagi yetakchi neft eksportchisiga aylandi.

Vortexa kemalarni kuzatish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida AQSHning xom neft va yonilg‘i eksporti kuniga qariyb 10,5 million barrelga yetdi. Bunga yuqori ishlab chiqarish va strategik zaxiralarning bozorga chiqarilishi sabab bo‘ldi. AQSH ketma-ket uchinchi oy dunyoda eng ko‘p neft sotgan davlat bo‘lib turibdi.

Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, may oyida Rossiya eksporti kuniga 7 million barrelni tashkil qilgan. Saudiya Arabistoni esa kuniga 5,9 million barrel eksport qilgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilda Saudiya Arabistoni kuniga 8,1 million barrel neft eksport qilgandi. O‘shanda AQSH 6,6 million barrel, Rossiya esa 5,8 million barrel neft sotgan.

“Vashingtonda Eron urushidan oldin o‘zlari ham borligini bilmagan yangi qurol paydo bo‘ldi. Bu energetika eksportidir”, dedi Kpler tahliliy kompaniyasi rasmiysi Mishel Bruhard.

AQSHning yangi mavqeyi OPEK va uning ittifoqchilari bo‘lgan davlatlarning bozordagi ta’sirini zaiflashtirishi mumkin. AQSH Prezidenti Donald Tramp uzoq vaqtdan beri OPEKni bozordagi narxlarni manipulyatsiya qilishda ayblab keladi. Shuningdek, may oyida ushbu tashkilot yana bir zarbaga uchradi. Uning eng yirik a’zolaridan biri — Birlashgan Arab Amirliklari deyarli 60 yillik a’zolikdan keyin tashkilotni tark etdi.

Eng yirik neft eksportchisi maqomi Vashingtonga ittifoqchilar va raqiblar bilan muzokaralarda yangi kuchli ustunlik beradi. Bu AQSHning harbiy dominantligi va dollar tufayli moliya bozoridagi hukmronligiga qo‘shimcha bo‘ladi.

“Hozir AQSHning ba’zi davlatlarga ta’siri yaqqol ko‘rinib turibdi. Chunki ular neft yoki gaz bo‘yicha Vashingtonga qaram bo‘lib qoldi”, dedi Bruhard.

Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSH Yevropaga xom neft yetkazib beruvchi eng yirik davlatga aylandi. Yevropa Ittifoqi rasmiylari dastlab Amerikaning neft va gaz bo‘yicha rivojlanishini Rossiya hamda Yaqin Sharqqa muqobil sifatida olqishlagan edi. Lekin hozirda ular bunga shubha bilan qaramoqda. Rasmiylar Amerika kompaniyalariga haddan tashqari qaram bo‘lib qolish xavfidan ogohlantirmoqda.

Moskva ham o‘z noroziligini yashira olmayapti. Rossiyaning “Rosneft” kompaniyasi rahbari va prezident Vladimir Putinning yaqin ittifoqchisi Igor Sechinning aytishicha, Hormuz bo‘g‘ozining yopilishidan eng ko‘p Amerika kompaniyalari foyda ko‘rdi.

Biroq AQSH–Eron urushi boshlanishidan ancha oldin ham Saudiya Arabistoni va Rossiya neft qazib olishni ko‘paytirish bo‘yicha AQSHdan ortda qolayotgan edi. 2000-yildan beri AQSHda suyuq xom neft ishlab chiqarish deyarli uch baravar ko‘paydi va kuniga 22 million barrelga yetdi. Saudiya Arabistonida esa bu ko‘rsatkich OPEK kvotalari sababli 2000 va 2026-yillar oralig‘ida kuniga 10-12 million barrel atrofida o‘zgarib turdi.

Rossiyada neft qazib olish 2000 va 2010-yillar oralig‘ida kuniga 6 million barreldan 10 million barrelga yetgan edi. Bu keyingi o‘n yillikda yana 2 million barrelga o‘sdi. Ammo 2020-yildan beri ishlab chiqarish to‘xtab qoldi va kuniga 10 million barreldan pastga tushdi.

AQSH 2015-yilda Arab davlatlari embargosidan beri amal qilib kelgan 40 yillik eksport taqiqini bekor qilgan edi. Bu esa Amerika neftining dunyoga chiqishiga yo‘l ochdi. Oradan 10 yil o‘tib, AQSH eng yirik eksportchiga aylandi. Bu esa “rezervlar qurib qoladi va o‘sish qisqa muddatli bo‘ladi” degan shubhalar noto‘g‘ri ekanini isbotladi.

Saudiya Arabistoni va Rossiyada ishlab chiqarish hamda eksport hajmini qisman yoki to‘liq hukumat belgilaydi. AQSHda esa o‘sish xususiy kompaniyalarning qarorlariga bog‘liq va u asosan foyda olishga yo‘naltirilgan.

“Narxlar ko‘tarilganda, AQSH firmalari ishlab chiqarishni oshiradi va bu narxni tushirishga yordam beradi. Narxlar pasayganda esa, ular ishlab chiqarishni kamaytiradi va bu narxni ko‘taradi”, deydi ekspert Kennet Medlok.

Uning aytishicha, bu jarayon strategik reja emas, balki bozor mexanizmi asosida ishlaydi. Yevropa davlatlari 2022-yilda Ukraina urushi boshlangandan beri ko‘proq AQSHga suyanmoqda. 2026-yilda AQSH neft eksportining qariyb 47 foizi Yevropa hisobiga to‘g‘ri keldi. 2021-yilda bu ko‘rsatkich 37 foiz edi.

Ilgari neftni asosan Yaqin Sharqdan sotib olgan Osiyo davlatlari ham endi AQSHga tayanmoqda. May oyida AQSH neft eksportining 46 foizi Osiyo davlatlari hisobiga to‘g‘ri keldi. 2025-yili bu ko‘rsatkich 37 foiz atrofida edi.

Bundan oldin AQSH va Eron o‘rtasidagi urush oqibatlari tufayli jahon iqtisodiyoti o‘sishi COVID-19 pandemiyasidan buyon eng past darajaga tushishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar