2025-yil boshidan beri Ukraina harbiy kuchlari Rossiyadagi neft qazib olish va qayta ishlash obyektlariga taxminan 160 ta samarali zarba berdi, dedi Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) rahbari Vasiliy Malyuk.
Sentyabr va oktyabr oylarida 20 ta obyektga zarba berildi, deb aniqlik kiritgan u.
“Ular orasida oltita neftni qayta ishlash zavodi, ikkita neft terminali, uchta neft ombori va to‘qqizta neft nasos stansiyasi bor”, degan Vasiliy Malyuk.
Xavfsizlik xizmati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina zarbalari ichki neft mahsulotlari bozorida 20 foizdan ortiq tanqislikka va neftni qayta ishlash quvvatining 37 foizining ishlamay qolishiga, shuningdek, Rossiya Federatsiyasining 57 ta hududida neft mahsulotlari tanqisligiga va shu yil oxirigacha benzin eksportiga taqiq qo‘yilishiga olib kelgan.
Shu bilan birga, SBU rahbari ukrain dronlariga qarshi eng samarali javobni Rossiyaning “Pantsir” zenit-raketa majmualari bera olayotganini ta’kidlagan.
“Bu yil boshidan bugungi kungacha biz dushmanning ‘Pantsir’ zenit-raketa tizimlarining 48 foizini yo‘q qildik. Bu bugungi kunda ustuvor vazifa bo‘lib, uni Ukraina prezidenti belgilab bergan”.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 24-oktyabr kuni Londonda bo‘lib o‘tgan “ko‘ngillilar koalitsiyasi” yig‘ilishida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Qo‘shma Shtatlarni Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni butun sektorga kengaytirishga va Ukrainaga uzoq masofali Tomahawk raketalarini yetkazib berish orqali uni mustahkamlashga chaqirgan edi.








