Daryo

Xitoy AQSHning rus va fors neftidan voz kechish talabini rad etdi

Pekin majburlash va bosim o‘tkazishdan foyda yo‘qligini bildirdi

1 daqiqa o‘qish4 288 ko‘rishlar0 izoh0

Xitoy Rossiya va Eron neftini sotib olishdan voz kechish haqidagi AQSHning talabiga qat’iy rad javobini berdi. Bu haqda Xitoy tashqi ishlar vazirligiga tayanib, Arab News xabar berdi.

Foto: Anadolu

Xitoy vakillari voz kechish to‘g‘risidagi qarorni Stokgolmdagi ikki kunlik savdo muzokaralaridan so‘ng ma’lum qilgan.

“Xitoy har doim energiya ta’minotini milliy manfaatlar asosida quradi. Majburlash va bosim o‘tkazishdan foyda yo‘q. Biz suverenitet, xavfsizlik va taraqqiyot manfaatlarimizni qat’iy himoya qilamiz”, deyiladi TIV bayonotida.

AQSH Moliya vaziri Skott Bessentning aytishicha, Xitoy neft savdosi borasida o‘z suverenitetini jiddiy himoya qilmoqda.

“Xitoy bu masalada mustaqil qaror qabul qilmoqchi. Shuning uchun, endilikda xitoyliklar 100 foizlik boj to‘lashga majbur bo‘ladi”, dedi Bessent.

Shunga qaramay, AQSH va Xitoy o‘rtasida savdo kelishuvi bo‘yicha umid saqlanib qolinayotgani ta’kidlangan.

“Kelishuvga erishish uchun asoslar bor”,  dedi Bessent OAVga bergan intervyusida.

Ekspertlarning fikricha, Xitoy Eron va Rossiya neftini sotib olish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirish niyatida emas. Chunki neft Pekin uchun muhim strategik resurs hisoblanadi va mamlakat yonilg‘ini arzon narxlarda xarid qilmoqda. AQSHning Energetika axborot boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Erondan eksport qilinayotgan neftning 80–90 foizi aynan Xitoyga yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, AQSH Senatida Rossiya neftini xarid qilayotgan mamlakatlarga 500 foizgacha boj solishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ham ilgari surilmoqda. Tashabbus muallifi senator Lindsi Gremning ta’kidlashicha, bu orqali Rossiya harbiy salohiyatini moliyalashtirayotgan davlatlar bosim ostiga olinadi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar