Daryo

BAA OPEC tarkibidan chiqishini e’lon qildi

Energetik inqiroz tufayli Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelayotgan bir paytda, ushbu qaror tashkilot uchun jiddiy zarba bo‘ldi.

2 daqiqa o‘qish4 028 ko‘rishlar0 izoh3

Birlashgan Arab Amirliklari 28-aprel kuni Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti — OPEC’dan chiqishini ma’lum qildi. Qaror Eron atrofidagi urush sababli yuzaga kelgan mislsiz energetik inqiroz fonida Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar namoyon bo‘layotgan bir paytda, tashkilot uchun jiddiy zarba bo‘ldi, deya xabar berdi Reuters.

Tashkilotning uzoq yillik a’zosi bo‘lgan BAAning ketishi neft ishlab chiqaruvchilar guruhini sezilarli darajada kuchsizlantirishi mumkin. OPEC shu vaqtgacha geosiyosiy nizolar va ishlab chiqarish kvotalari bo‘yicha ichki ziddiyatlarga qaramay, birdamlikni saqlashga harakat qilib kelayotgan edi.

BAA energetika vaziri Suhayl Muhammad al-Mazruiy Reuters agentligiga bergan intervyusida ushbu qaror mamlakatning energetika strategiyalari sinchiklab ko‘rib chiqilgach qabul qilinganini aytdi.

“Bu siyosiy qaror bo‘lib, joriy va kelajakdagi ishlab chiqarish hajmlari tahlili asosida qabul qilindi. BAA bu masalada tashkilotning amaldagi yetakchisi Saudiya Arabistoni yoki boshqa biror davlat bilan maslahatlashmadi”, dedi u.

BAA OPEC va OPEC+ tarkibidan rasman 1-maydan chiqib ketadi. Ushbu e’londan so‘ng neft narxlaridagi o‘sish biroz pasaydi.

Eron urushining ta’siri

Hozirda Fors ko‘rfazi davlatlari neft eksport qilishda qiyinchilikka duch kelmoqda. Jahon xom nefti va suyultirilgan tabiiy gazining beshdan bir qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozi AQSH va Eron o‘rtasidagi ziddiyatlar ortidan yopib qo‘yilgan.

Mazruiyning ta’kidlashicha, bo‘g‘ozdagi cheklovlar tufayli BAAning guruhdan chiqishi bozorga juda katta ta’sir ko‘rsatmaydi. BAA OPEC+ tarkibidagi to‘rtinchi yirik ishlab chiqaruvchi edi. Urushgacha bu guruh dunyo neftining qariyb yarmini nazorat qilgan.

Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, OPEC+ ning jahon neft ishlab chiqarishidagi ulushi fevraldagi 48 foizdan mart oyida 44 foizga tushgan. Aprelda bu ko‘rsatkich yanada pasayishi kutilmoqda.

BAA mintaqadagi muhim biznes markazi va AQSHning asosiy ittifoqchilaridan biri hisoblanadi. Mamlakat so‘nggi vaqtlarda AQSH va Isroil bilan munosabatlarini yanada mustahkamlagan. BAA Isroil bilan aloqalarni mintaqaviy ta’sir kuchi va Vashington bilan muloqot uchun muhim vosita deb biladi.

Tramp uchun g‘alaba

BAAning tashkilotni tark etishi AQSH prezidenti Donald Tramp uchun g‘alaba sifatida ko‘rilmoqda. Tramp 2018-yilda BMT Bosh assambleyasida so‘zlagan nutqida OPEC’ni neft narxini sun’iy oshirib, dunyoning qolgan qismini “shilayotganlikda” ayblagan.

Tramp, shuningdek, AQSHning harbiy yordamini neft narxlariga bog‘lab, Fors ko‘rfazi davlatlarini Vashington himoyasidan foydalanib yuqori narxlar orqali ekspluatatsiya qilishda ayblagan.

BAAning bu qarori mamlakat prezidenti maslahatchisi Anvar Gargashning tanqidiy chiqishidan so‘ng yangradi. U 27-aprel kuni Fors ko‘rfazi davlatlarining Eron hujumlariga qaytargan javobini tanqid qilgandi.

Hozirda dunyoda neft ishlab chiqarish bo‘yicha ortiqcha quvvatlar tarixiy minimal darajada. Tashkilotdan chiqish BAAga o‘zining arzon va ekologik toza neft resurslaridan to‘liq foydalanish imkonini beradi. Mazruiyning so‘zlariga ko‘ra, dunyoning energiyaga bo‘lgan ehtiyoji ortib bormoqda va BAA bu ehtiyojni qondirishga tayyor.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar