AQSHning Nyu York va Nyu Jersi shtatlari prokuraturasi 2026-yilgi Jahon chempionati chiptalari narxi hamda o‘rindiqlar joylashuvi bilan bog‘liq ehtimoliy firibgarlik holatlari bo‘yicha Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) ustidan tergov boshladi.
Nyu York bosh prokurori Letitsiya Jeyms hamda Nyu Jersi bosh prokurori Jennifer Devenport 27-may, chorshanba kungi bayonotida JCH—2026 o‘yinlari uchun belgilangan narxlar “avvalgi har qanday mundial narxlaridan oshib tushganini” ta’kidladi.
Shtat rasmiylarining e’tiborini tortgan asosiy muammo shundaki, futbol ishqibozlari stadionning yaxshi joyidan umid qilib qimmat chipta sotib olgan, biroq amalda ularga maydondan ancha uzoq va noqulay o‘rindiqlar berilgan.
Bunga FIFA tarixda ilk bor talabga qarab narxni o‘zgartirish tizimini qo‘llagani sabab bo‘lgani aytilmoqda. Tashkilot dastlabki chiptalarni sotib bo‘lganidan so‘ng kutilmaganda “Front Category” (Oldingi toifa) deb nomlangan qimmatbaho chiptalar turini joriy qilgan va oqibatda avval chipta xarid qilgan muxlislarning joylari orqaga surilib ketgan.
Oktyabr oyida sotuvga chiqqan chiptalarning nega bunchalik qimmatligiga izoh so‘ralganda, FIFA prezidenti Janni Infantino buni butunjahon miqyosidagi ulkan talab va chiptalar taqchilligi bilan oqlashga urindi.
Hozirda prokuratura AQSHdagi “MetLife” stadionida o‘tadigan 8 ta o‘yin (jumladan, 19-iyul kungi final, guruh va pley-off bahslari) uchun narxlar qanday shakllantirilgani va joylar nega noto‘g‘ri taqsimlangani bo‘yicha FIFAdan to‘liq hujjatlarni talab qilmoqda.
“Muxlislar qimmat narxga chipta olishga majbur qilinmasligi va o‘zlari xarid qilgan joydan futbolni tomosha qila olishlariga ishonchi komil bo‘lishi kerak. FIFA Jahon chempionatiga chipta sotish jarayonini tartibsizlik, sun’iy taqchillik va qimmat narxlar maydoniga aylantirdi. Bularning barchasi oddiy iste’molchilar va muxlislar hisobidan amalga oshirilmoqda”, deydi bosh prokuror Jennifer Devenport.
Ushbu tergov jarayoni JCH—2026 o‘yinlariga chipta sotib olgan, ammo yakuniy joylashuvdan o‘zini aldanib qolgandek his qilayotgan minglab muxlislarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.








