Norvegiya futbol assotsiatsiyasi (NFA) AQSH prezidenti Donald Trampning JCH—2026 davomidagi aralashuvi va Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasi bekor qilingani yuzasidan FIFA Axloq qo‘mitasiga rasmiy shikoyat kiritishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda The Times nashri xabar bermoqda.
AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogun 1/16 final doirasida Bosniya va Gersegovinaga qarshi o‘yinda qizil kartochka olib, maydondan chetlatilgan edi. Biroq uning bir o‘yinlik avtomatik diskvalifikatsiyasi kutilmaganda to‘xtatib qo‘yildi va forvard 1/8 finalda Belgiyaga qarshi uchrashuvda ishtirok etdi. Ushbu qaror Donald Tramp va FIFA prezidenti Janni Infantino o‘rtasidagi telefon muloqotidan so‘ng qabul qilingan. AQSH prezidenti keyinchalik FIFA’ning bu harakatini “ajoyib qaror” deb atagan.
NFA prezidenti Lize Klaveness vaziyatni keskin tanqid qilib, Infantinoni ushbu aralashuvni xato deya tan olishga chaqirdi:
“Bunday qoidalarni aylanib o‘tish orqali butun o‘yin xavf ostida qoladi. Fundamental qoidalarni buzish va tashqi kuchlarning aralashuviga yo‘l qo‘yish futbol uchun jiddiy xavotirdir. Hammamiz bilamizki, bu hukmga tashqi kuchlar ta’sir o‘tkazgan va u tegishli tartibda qabul qilinmagan. FIFA rahbari bu xato bo‘lganini ochiq aytishi kerak”, deydi Klaveness.
Shuningdek, NFA rahbari shunday muhim masala nega FIFA Tartib-intizom qo‘mitasining birgina a'zosi — rais Muhammad Al-Kamoli tomonidan yakka tartibda hal qilinganini qattiq shubha ostiga oldi.
Lize Klaveness holatni NFA boshqaruv kengashi yig‘ilishida muhokama qilib, rasmiy jarayonni boshlashini bildirdi. Uning ta'kidlashicha, mazkur holatni “gilam ostiga supurib yashirish”ning imkoni yo‘q, chunki futbol jamoatchiligi bundan jiddiy tashvishga tushgan.
Xabarlarga ko‘ra, Norvegiya tomoni bu ishni FIFA Tinchlik mukofotining Donald Trampga topshirilishi yuzasidan avvalroq kiritilgan boshqa bir axloqiy shikoyatga birlashtirish niyatida.








