Daryo

JCH-2026 sarhisobi: Mbappedan tarixiy natija, eng sermahsul jamoalar va ishonchli o‘ynagan darvozabonlar

Ispaniya terma jamoasining chempionligi bilan yakunlangan Jahon chempionati o‘zining sermahsulligi va yangilangan rekordlari bilan yodda qoldi.

4 daqiqa o‘qish4 329 ko‘rishlar0 izoh1

Ispaniya terma jamoasining chempionligi bilan yakunlangan Jahon chempionati o‘zining sermahsulligi va yangilangan rekordlari bilan yodda qoldi. Qatardagi mundial natijalarini ortda qoldirgan va FIFA tarixidagi eng yirik turnirga aylangan ushbu musobaqada 48 ta davlatdan tashrif buyurgan 1039 nafar futbolchi 16 ta stadionda maydonga tushdi hamda jami 308 ta gol urildi. Quyida JCH-2026 ning asosiy statistik ko‘rsatkichlari bilan tanishishingiz mumkin.

Foto: Al Jazeera

Eng ko‘p gol va assistlar

Fransiya terma jamoasi va “Real” klubi hujumchisi Kilian Mbappe turnir davomida 10 ta gol urib, ketma-ket ikkinchi bor “Oltin butsa”ni qo‘lga kiritdi. Bu 1970-yilda germaniyalik Gerd Myullerdan keyin Jahon chempionatlarida qayd etilgan eng yaxshi natija bo‘ldi. Shuningdek, 27 yoshli Mbappe mundiallardagi umumiy gollari sonini 22 taga yetkazib, JCH tarixidagi eng yaxshi to‘purarga ham aylanib oldi.

To‘purarlar poygasida ikkinchi o‘rinni 8 ta gol bilan argentinalik Lionel Messi band etgan bo‘lsa, Jud Bellingem 7 ta gol bilan bitta turnirda shuncha to‘p kiritgan ilk angliyalik futbolchi sifatida tarixga kirdi.

Eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxati:

  1. Kilian Mbappe (Fransiya) — 10 ta gol, 4 ta assist
  2. Lionel Messi (Argentina) — 8 ta gol, 4 ta assist
  3. Jud Bellingem (Angliya) — 7 ta gol, 1 ta assist
  4. Erling Holand (Norvegiya) — 7 ta gol
  5. Usmon Dembele (Fransiya) — 6 ta gol, 2 ta assist
  6. Harri Keyn (Angliya) — 6 ta gol, 2 ta assist
  7. Mikel Oyarsabal (Ispaniya) — 5 ta gol, 1 ta assist
  8. Ismoil Sarr (Senegal) — 4 ta gol, 1 ta assist
  9. Xulian Kinones (Meksika) — 4 ta gol, 1 ta assist
  10. Vinisius Junior (Braziliya) — 4 ta gol, 1 ta assist

Assistlar (golli uzatmalar) bo‘yicha Fransiya terma jamoasi va “Bavariya” a’zosi Maykl Olise (7 ta assist) mutlaq yetakchi bo‘ldi. Undan keyingi o‘rinlarni 4 tadan golli uzatmani amalga oshirgan Martin Edegor (Norvegiya), Kilian Mbappe (Fransiya), Braim Dias (Marokash), Bruno Gimarays (Braziliya) va Lionel Messi (Argentina) egalladi.

Foto: Getty Images

Jamoaviy gollar va hujumkorlik

Angliya va Fransiya terma jamoalari 20 tadan to‘p kiritib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. Angliya terma jamoasi futbolchilari 14 ta golli uzatmani amalga oshirib, raqib darvozasi tomon 118 marta (shundan 52 tasi aniq) zarba yo‘llagan. Jamoaning to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi 50 foizni tashkil etdi. Fransuzlar hisobida esa 18 ta assist, 139 ta zarba (59 tasi aniq) va 51 foizlik to‘p nazorati qayd etildi.

Eng sermahsul jamoalar:

  • Angliya: 20 ta gol, 14 ta assist
  • Fransiya: 20 ta gol, 18 ta assist
  • Argentina: 19 ta gol, 12 ta assist
  • Ispaniya: 14 ta gol, 10 ta assist
  • Belgiya: 14 ta gol, 10 ta assist

Darvozabonlar va himoya chizig‘i statistikasi

Turnirning eng yaxshi darvozaboni uchun beriladigan “Oltin qo‘lqop” sovrini Ispaniya posboni Unai Simonga nasib etdi. Darvozasi daxlsizligini saqlab qolish (“quruq o‘yinlar”) bo‘yicha ham ispanlar yetakchi bo‘ldi — 7 ta o‘yin. Fransiya, Kolumbiya va Meksikada bu ko‘rsatkich 4 tani tashkil etdi.

Eng ko‘p seyv ijro etish bo‘yicha Paragvay darvozaboni Orlando Xil tengsiz bo‘ldi (28 ta). U Germaniyaga qarshi bahsda ikkita penaltini qaytarib, jamoasini nimchorak finalga olib chiqqandi. Shuningdek, debyutant Kabo-Verde posboni Vozinyaning harakatlari ham muxlislar yodida qoldi.

Foto: Al Jazeera

Eng ko‘p seyv qayd etgan darvozabonlar:

  • Orlando Hil (Paragvay): 28 ta
  • Eloy Rum (Kyurasao): 21 ta
  • Emiliano Martines (Argentina): 20 ta
  • Gregor Kobel (Shveysariya): 20 ta
  • Diogu Koshta (Portugaliya): 20 ta
  • Jordan Pikford (Angliya) 19 ta
  • Yasin Bunu (Marokash): 19 ta

Himoyadagi ishonchsiz harakatlar bo‘yicha Qatar va Misr (2 tadan avtogol) ajralib turdi.

Eng ko‘p gol o‘tkazib yuborgan jamoalar:

  • Iroq, Tunis, Angliya: 12 tadan
  • O‘zbekiston, Norvegiya: 11 tadan
  • Yangi Zelandiya, Shvetsiya, Fransiya, Qatar: 10 tadan
  • Kyurasao, Senegal, Jazoir, Avstriya: 9 tadan
  • Iordaniya, Gaiti, Argentina, Bosniya va Gersegovina, AQSH: 8 tadan

Qoidabuzarliklar va kartochkalar

Turnirning eng ziddiyatli va tortishuvlarga boy kechgan o‘yinlaridan birida maydonga tushgan Argentina va Misr terma jamoalari eng ko‘p sariq kartochka ishlab oldi.

Eng ko‘p sariq kartochka olgan jamoalar:

  • Argentina: 15 ta
  • Misr: 12 ta
  • Kanada: 11 ta
  • Paragvay: 9 ta

Qizil kartochkalar borasida Qatar va Janubiy Afrika yetakchi bo‘ldi (2 tadan). Qatarlik Asim Madibo raqibiga og‘ir jarohat yetkazgan qo‘pol harakati uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri maydondan chetlatilgandi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar