FIFA prezidenti Janni Infantino 11-iyunda start oladigan Jahon chempionatida o‘yinoldi marosimlari butunlay yangicha formatda o‘tishini ma’lum qildi. Ushbu o‘zgarish uchrashuvlarning tomoshabopligini oshirish va muxlislarga ko‘proq emotsiya ulashishga qaratilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, har bir o‘yin oldidan milliy madhiyalar yangrayotgan vaqtda nafaqat asosiy tarkib, balki qaydnomaga kiritilgan barcha futbolchilar maydonga chiqadi va markaziy aylana atrofida yig‘iladi. Turnirning hal qiluvchi pley-off bosqichlarida esa ushbu marosim rangli tutunlar kabi maxsus effektlar bilan yanada jozibaliroq ko‘rinish oladi.
“Jahon chempionati rivojlanar ekan, biz o‘yindan zavq olish formatini ham yangilab boramiz. Madhiyalar paytida barcha o‘yinchi va hakamlarning markaziy doirada bir-biriga yuzlanib turishi o‘zaro birlik, g‘urur va hayajon lahzasini taqdim etadi. Bu lahza jamoalarga ham, stadiondagi barcha muxlislarga ham birdek tegishlidir. Jahon chempionati — har bir futbolchi va ishqiboz uchun bayram, yangi marosim esa aynan shu muhitni aks ettiradi”, deya Infantinoning so‘zlarini keltirmoqda FIFA rasmiy sayti.
Eslatib o‘tamiz, Navbatdagi jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Ushbu turnir musobaqa tarixida ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirokida o‘tkaziladi.








