Xitoyning Sian shahrida bo‘lib o‘tgan III O‘zbekiston–Xitoy hududlararo forumi doirasida Toshkent shahri uchun umumiy qiymati 3,5 milliard dollaridan ortiq bo‘lgan investitsiyaviy va eksport kelishuvlariga erishildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bunda investitsiyaviy loyihalar 3 milliard 350 million dollarni, eksport shartnomalari esa 156 million dollarni tashkil etadi.
Forum yakunlari bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi ishtirokida infratuzilma, transport, qurilish, ekologiya va sanoat sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishga doir qator kelishuvlar imzolangan.
Moliyalashtirishni davlat byudjeti mablag‘lari va davlat kafolatlaridan foydalanmagan holda, EPC+F modeli asosida xitoylik hamkorlar tomonidan jalb qilish rejalashtirilmoqda. To‘lovlar uzoq muddatli istiqbolda shahar byudjetining yangi daromad manbalarini shakllantirish hisobidan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Erishilgan kelishuvlar doirasida “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasini rivojlantirishga ham e’tibor qaratilgan. Xitoyning Jwise, Zhongke Honghu, CAS Cloud va UMGG texnologik hamda sanoat kompaniyalari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar yakunida umumiy qiymati 130 million dollarga teng investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolangan.
Xususan, quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan:
- drenaj kollektorlari, irrigatsiya va yomg‘ir suvlarini chetlashtirish tizimini rivojlantirish — 400 mln dollar;
- 24/7 formatidagi zamonaviy brendli ko‘chalarni yaratish — 100 mln dollar;
- renovatsiya hududlarida zamonaviy ko‘p qavatli turar joy majmualarini qurish — 500 mln dollar;
- EPC+F asosida BRT, yo‘l o‘tkazgichlar va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish — 1 mlrd dollar;
- transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma investitsiyaviy loyihalar — 1 mlrd dollar;
- bezak toshlarini ishlab chiqarish — 150 mln dollar;
- chiqindilarni saralash uchun “aqlli” uskunalar ishlab chiqarish — 50 mln dollar;
- keramika mahsulotlari ishlab chiqarish — 150 mln dollar.
Shuningdek, forum doirasida quyidagi eksport shartnomalari imzolandi:
- zargarlik buyumlarini yetkazib berish bo‘yicha umumiy qiymati 150 mln dollarlik uchta shartnoma;
- paxta ip-kalava eksporti — 5 mln dollar;
- kumush konsentratini yetkazib berish — 1 mln dollar.
Yog‘ingarchilik vaqtida Toshkent shahri ko‘chalarini suv bosishi tez-tez kuzatilib turadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, poytaxtdagi mavjud yomg‘ir suvlarini oqizish tizimi bir kecha-kunduzda 20 mmgacha yog‘inni qabul qilishga mo‘ljallangan. Ishlab chiqilgan bosh rejaga muvofiq, tizimning o‘tkazuvchanlik quvvatini bir kecha-kunduzda 36 mmgacha bosqichma-bosqich oshirish ko‘zda tutilgan.








