Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum FIFA vakillari Eron terma jamoasini 2026-yilgi Jahon chempionati davrida Meksikada joylashtirish iltimosi bilan murojaat qilganini ma’lum qildi. Bunga AQSHning Eron terma jamoasini o‘z hududida doimiy yashashiga ruxsat bermaslik istagi sabab bo‘lgan.
“Qo‘shma Shtatlar 2026-yilgi Jahon chempionati davomida Eron terma jamoasining o‘z hududida doimiy istiqomat qilishiga qarshilik bildirmoqda. Shu bois FIFA vakili bizdan: ‘Ular Meksikada qolishlari mumkinmi?’, deb so‘radi. Biz esa: ‘Albatta, hech qanday muammosiz. Bizda hech qanday e’tiroz yo‘q’, deb javob berdik”.
Avvalroq Eron futbol federatsiyasi rahbari Mehdi Toj terma jamoa JCH-2026 uchun bazani o‘zgartirayotganini tasdiqlagan edi. Unga ko‘ra, jamoa AQSHning Tuson shahri o‘rniga o‘z tayyorgarlik jarayonini Meksikaning Tixuana shahrida o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida FIFA Eron terma jamoasining o‘yinlarini AQSHdan Meksikaga ko‘chirish tashabbusini ma’qullamagan edi. Shunga qaramay, FIFA prezidenti Janni Infantino Eron terma jamoasi 2026-yilgi mundialda to‘liq ishtirok etishini tasdiqlagan. Jahon chempionati 2026-yilda AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tkaziladi. Bu turnir tarixida uchta mamlakat birgalikda o‘tkazayotgan ilk mundial hisoblanadi.








