Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha yuqori vakili Kaya Kallas Rossiyaning Ukrainaga bergan javob zarbasini qoraladi va kelasi haftada Ittifoq mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari Moskvaga nisbatan xalqaro bosimni kuchaytirish masalasini muhokama qilishini ma’lum qildi.
“Kelasi haftada Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Rossiyaga nisbatan xalqaro bosimni qanday kuchaytirishni muhokama qiladilar”, deb yozdi u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Shuningdek, Kallas Rossiyaning “Oreshnik” raketalaridan foydalanishini “qo‘rqitish taktikasi” va “yadro urushi yoqasidagi xavfli o‘yin” deb atadi.
Rossiya qo‘shinlari yakshanbaga o‘tar kechasi, 24-may kuni Ukraina hududiga yana ommaviy ravishda hujum uyushtirdi. Zarbalar asosan Kiyev shahri va viloyatiga berilgan.
Ukraina Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati portlashlar Kiyev viloyatining Belotserkovskiy, Brovarskiy, Vishgorodskiy, Fastovskiy, Buchanskiy va Borispolskiy tumanlarida yuz berganini ma’lum qildi.
Keyinroq mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiya Rossiyaning bergan raketa zarbalari oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lganini, qariyb 100 kishi jarohat olganini aytib chiqdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaga “Oreshnik” raketasi bilan zarba berilganini tasdiqladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukrainaning harbiy boshqaruv obyektlariga “Oreshnik”, shuningdek “Iskander”, “Kinjal” va “Sirkon” raketalari bilan zarba berilgan.
Vazirlikka ko‘ra, ushbu hujum “Ukrainaning Rossiya hududidagi fuqarolik obyektlariga uyushtirgan terrorchilik hujumlari”ga javoban amalga oshirilgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin, 22-mayga o‘tar kechasi Ukraina Qurolli Kuchlari LXR (Lugansk Xalq Respublikasi)dagi Lugansk pedagogika universitetining Starobelsk kasb-hunar kolleji yotoqxonasiga hujum qilganidan so‘ng, Mudofaa vazirligiga javob choralari variantlarini tayyorlashni topshirgan edi.
Ukraina bergan zarba oqibatida 21 kishi halok bo‘lgan, 40 dan ortiq kishi jarohatlangan edi. Hujum paytida yotoqxonada 86 nafar talaba bo‘lgan.
Rossiya TIV kollejga berilgan zarba Ukraina Qurolli Kuchlari tomonidan maqsadli ravishda amalga oshirilgani va NATO davlatlari mutaxassislarining texnik ko‘magida uzoq masofali qurollar bilan berilganini da’vo qildi.








