Daryo

Ukraina hukumati yana 2-3 yillik urushga tayyorlanmoqda — The Economist

Ukraina bunday uzoq muddat urush olib bora olishiga shubha qilish uchun asos yo‘qligi aytildi. Ammo cho‘zilgan urushni Ukraina jamiyati qo‘llab-quvvatlamasligi mumkin.

1 daqiqa o‘qish4 812 ko‘rishlar0 izoh2

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy “yana ikki-uch yil davom etadigan urushga tayyorgarlik ko‘rishni buyurgan”. Bu haqda The Economist hukumatdagi manbalarga tayanib xabar berdi.

Maqola mualliflarining fikricha, Ukraina bunday uzoq muddat urush olib bora olishiga shubha qilish uchun asos yo‘q. Xususan, bunga Rossiya hududining ichkarisigacha yetib borayotgan dron hujumlari muvaffaqiyati, front chizig‘ining nisbatan barqarorlashgani, Yevropa Ittifoqining qo‘llab-quvvatlovi davom etayotgani hamda Ukraina mudofaa sanoatining tez sur’atlarda rivojlanayotgani dalil bo‘layotgani aytildi.

Biroq The Economist’ning yozishicha, cho‘zilgan urushni Ukraina jamiyati qo‘llab-quvvatlamasligi mumkin. Jamiyatdagi birlik zaiflashgan, bunga Zelenskiyga yaqin doira bilan bog‘liq korrupsiya mojarolari ham sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari, urush oqibatlari Ukraina iqtisodiyotiga tobora kuchliroq ta’sir qilyapti, ayniqsa, energetika infratuzilmasiga berilayotgan zarbalar.

Ukraina prezidenti maslahatchisi Dmitriy Litvin esa maqolada keltirilgan ma’lumotlarni “eski ma’lumot” deb atadi. “Ehtimol, kimlargadir bu matnda boshqa xabarlarni yetkazish uchun shunchaki bir vosita kerak bo‘lgandir, go‘yoki hammasi yomon degan kayfiyatni berish uchun”, dedi u.

Vladimir Zelenskiy 25-may kuni “Xalq xizmatkori” parlament fraksiyasi deputatlari bilan uchrashuvda xavfsizlik kafolatlari taqdim etilgan taqdirda urushning “qaynoq fazasi” noyabrga qadar yakunlanishi mumkinligini aytgan edi.

Oldinroq Zelenskiy Rossiya urushni Chernigov-Kiyev yo‘nalishida kengaytirishning beshta ssenariysiga ega ekanini aytgandi. Unga ko‘ra, Ukraina ehtimoliy tahdidni hisobga olib, ushbu yo‘nalishdagi kuchlarini ko‘paytiradi. U Oliy bosh qo‘mondonlik shtabi yig‘ilishida Chernigov-Kiyev yo‘nalishidagi razvedka ma’lumotlari tahlil qilinganini aytgan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar