Yevropa Ittifoqi Rossiya bilan urush ehtimoliga tayyorgarlik doirasida tanklar va qo‘shinlarni tezkor harakatlantirish rejasini ishlab chiqmoqchi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, reja “harbiy Shengen” hududini yaratish uchun chegaralararo harakatlanish qoidalarini soddalashtirishni nazarda tutadi. Harbiy texnikaning tez o‘tishi uchun byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va’da qilingan. Yevropa Ittifoqi buni “mintaqa xavfsizligi uchun muhim kafolat” deb biladi. Reja 2030-yilgacha Yevropa o‘zini himoya qila oladigan darajaga yetishini ta’minlashga qaratilgan va Rossiya besh yil ichida Yevropa Ittifoqi davlatiga hujum qilishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishlarga asoslanadi.
- Hozirgi to‘siqlar
Agar harbiylar G‘arbiy Yevropadan Ukraina, Belarus yoki Rossiya bilan chegaraga qarab harakatlansa, bir qator muammolarga duch keladi:
- ko‘plab ko‘priklar tanklarning og‘irligini ko‘tara olmaydi;
- temiryo‘l tunnel va relslar harbiy texnika uchun mos emas;
- chegarada hujjatbozlik, ish vaqti qoidalari hamda bojxona jarayonlari katta vaqt oladi;
2024-yilda va’da qilingan uch kunlik tartibga zid ravishda, kamida bir davlat qo‘shinlarning chegaralararo o‘tishi uchun 45 kun oldin ogohlantirish talab qiladi;
Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas bunday holatlarning jiddiy muammo ekanini ta’kidladi.
“Agar ko‘prik 60 tonnalik tankni ko‘tara olmasa, bizda muammo bor. Agar uchish-qo‘nish yo‘lagi yuk samolyoti uchun juda qisqa bo‘lsa, biz ekipajlarimizni ta’minlay olmaymiz”, dedi u.
Siyosatchi qo‘shinlarni o‘tkazish uchun 45 kun oldin ruxsat so‘rash talabi mantiqsiz ekanini aytdi.
- “Harbiy Shengen” qanday ishlaydi?
Bunda Yevropa Ittifoqining a’zo davlatlari armiyalari chegaralarsiz harakatlanish imkoniga ega bo‘ladi, xuddi fuqarolar kabi erkin harakat qila oladi. Favqulodda vaziyatda harbiy kolonnalarga yo‘llarda ustuvorlik beriladi, ular majburiy dam olish qoidalari kabi ayrim davlatlarning talablaridan ozod etiladi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi chegarasiga keladigan uskunalar va harbiy ta’minot, jumladan oziq-ovqat mahsulotlari uchun tezlashtirilgan bojxona tartib-qoidalari joriy etiladi.
Yevropa Ittifoqi amaldorlari og‘ir harbiy yuklarni qabul qilish uchun moslashtirilishi kerak bo‘lgan 500 ta ko‘prik, tunnel, yo‘l, port va aeroport ro‘yxatini tuzgan. Ularni mustahkamlash uchun taxminan 100 milliard yevro talab qilinadi.








