Daryo

Yevropa Ittifoqi Ukrainaning yagona armiya tashkil etish tashabbusini rad qildi

Bryussel bunday qadam NATOni zaiflashtirib, qo‘mondonlik zanjirida chalkashliklar keltirib chiqarishidan xavotirda. Shunga qaramay, ushbu masala bo‘yicha muhokamalar yopiq doiralarda davom etyapti.

1 daqiqa o‘qish4 813 ko‘rishlar0 izoh2

Yevropa Ittifoqi Ukrainа prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan ilgari surilgan yagona Yevropa armiyasi tashabbusiga qarshi chiqdi. Bu haqda YI diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas Ozodlik radiosiga bergan izohida ma’lum qildi.

Kallasning ta’kidlashicha, yangi harbiy tuzilma NATOga parallel funksiya bajarib, transatlantik alyansning faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, milliy armiyalar jangovar salohiyatini tushirib yuboradi. Uning fikricha, harbiy sohada eng muhim omil aniq tuzilma va qat’iy ierarxiyadir.

“Yevropadagi har bir davlatning o‘z qurolli kuchi bor. Ulardan 23 tasi NATO tuzilmasiga ham kiradi. Shuning uchun alohida Yevropa armiyasi yaratilishini tasavvur qila olmayman. Amalda mavjud bo‘lgan armiyalar bilan ishlashimiz kerak”, degan Kallas.

​Uning so‘zlariga ko‘ra, mustaqil Yevropa armiyasining paydo bo‘lishi buyruq berish tizimida chalkashlik keltirib chiqaradi.

“Agar favqulodda vaziyat yuz bersa, kim kimga buyruq berayotgani aniq bo‘lishi kerak. Og‘ir sharoitlarda buyruqlar bajarilmay, shunchaki havoga singib ketishi mumkin”, deya qo‘shicha qilgan YI mulozimi.

​Zelenskiyning taklifi

Ukraina prezidenti ittifoqchilariga murojaat qilib, 3 million harbiy xizmatchidan iborat Yevropa qurolli kuchlarini tuzish g‘oyasini ilgari surdi. Uning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus NATO yoki AQSHga raqobat emas, balki qit’aning mudofaa salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan strategik zaruratdir. U, shuningdek, Ukraina qurolli kuchlarida yangi tuzilma tayanchi bo‘lish uchun yetarli tajriba borligini qo‘shimcha qilgan.

Ukraina askarlari masofadan boshqariluvchi kamikadze kater bilan
Foto: Defense News

Politico nashrining yozishicha, Kaya Kallasning bayonotiga qaramay Yevropa yetakchilari allaqachon yangi harbiy ittifoq tuzish haqida muhokamalar olib boryapti. Ukraina ushbu tuzilmada muhim o‘rin egallashi mumkin. Biroq nashr moliyalashtirish va yagona qo‘mondonlik tizimi kabi omillar asosiy muammo bo‘lib turganini ta’kidlagan.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar