Migratsiya agentligining sobiq bo‘lim boshlig‘i Azizbek Toshtemirov xalqaro qidiruvga berildi.
Interpol ma’lumotlarida keltirilishicha, Andijon viloyatida tug‘ilgan 35 yoshli Azizbek Toshtemirov firibgarlikda ayblanmoqda.
Migratsiya agentligi matbuot xizmatining “Gazeta”ga ma’lum qilishicha, Azizbek Toshtemirov Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida (2024-yil oktyabr oyida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi sifatida qayta tashkil etilgan) Koreyadagi vakolatxona rahbari sifatida ishlagan. 2025-yilning mart oyida turli qonunbuzarliklar uchun ishdan bo‘shatilgan.
2023-yil may oyida “Kun.uz” Janubiy Koreyaga ishga ketish uchun o‘tkaziladigan EPS-Topik imtihonlaridagi ehtimoliy qonunbuzarliklar yuzasidan fuqarolardan tushgan shikoyatlar haqida xabar bergan edi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, arizachilar imtihon vaqtida ayrim nomzodlar o‘rniga boshqa shaxslar kiritilganini, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ba’zi xodimlari esa ularga testdan o‘tishda go‘yoki yordam berganini ta’kidlagan. Unda Aziz Toshtemirov ismi ham tilga olingan.
2025-yilning avgustida fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga noqonuniy ravishda pul olgan Migratsiya agentligining Namangan viloyati filiali bosh mutaxassisi va agentlik markaziy apparati bosh mutaxassisiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Shundan keyin Migratsiya agentligi faoliyatida Janubiy Koreyaga yuborish bilan bog‘liq kadrlar, shu jumladan, Seul shahridagi vakolatxonasida faoliyat yuritgan barcha xodimlar to‘liq o‘zgartirilgandi.
2026-yil 14-may kuni Bosh prokuratura huzuridagi departament o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxemani fosh etdi. Uyushgan jinoiy guruh Tashqi mehnat migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdorlari va boshqalardan iborat bo‘lgan.








