Bosh prokuratura huzuridagi departament o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxemani fosh etdi.
Tergovga qadar tekshiruvda bir guruh shaxslar, Tashqi mehnat migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdorlari va boshqalardan iborat uyushgan jinoiy guruh Koreyaga mehnat muhojiri sifatida ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsion sxema yaratib, 35 nafar fuqarodan jami 263,5 ming AQSH dollari noqonuniy olingani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan departament tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Tergov jarayonida Koreyaga ishga yuborish uchun jinoiy guruh tomonidan rasmiy to‘lovlardan tashqari minglab odamlardan firibgarlik yo‘li bilan 7-12 ming AQSH dollardan qariyb 90 mln AQSH dollari yig‘ilgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda Koreyaga ishga yuborilmagan 600 dan ortiq fuqarodan kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdori aniqlanib, undirish choralari ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, bir guruh shaxslar, Tashqi mehnat migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdorlari va boshqalari 230 nafar fuqaroni Koreyaga ishga yuborishlari evaziga 580 ming AQSH dollari, Koreyaga yuborilgan 1 000 nafar fuqarodan noqonuniy ravishda 5,6 mln AQSH dollari, jami 45 mln AQSH dollarini olgani aniqlangan.
Ushbu uyushgan jinoiy guruh faoliyatidan jabr ko‘rganlardan zudlik bilan Bosh prokuratura departamentining 71-233-10-07 raqamli ishonch telefoni orqali ma’lum qilish so‘raldi. Prokuratura departamenti murojaatchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlashini ma’lum qilgan.
Koreyaga ishga bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklar 408,8 ming dollarga chuv tushgani ham aniqlandi. Respublikaning olti viloyatidan ushbu davlatga ishga bormoqchi bo‘lgan 63 kishi firibgarlarga aldanib qolgan.
2025-yilning avgustida fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yuborish evaziga noqonuniy ravishda pul olgan Migratsiya agentligining ikki xodimiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. O‘shanda mazkur xodimlar 2024-yilda 80 nafardan ortiq fuqarolarni ushbu davlatga ishga yuborish uchun 700 ming dollardan ortiq pulni olib, ularni sarson qilib yurgani ma’lum bo‘lgandi. Shundan keyin Migratsiya agentligi faoliyatida Janubiy Koreyaga yuborish bilan bog‘liq kadrlar, shu jumladan, Seul shahridagi vakolatxonasida faoliyat yuritgan barcha xodimlar to‘liq o‘zgartirilgandi.








