Isroil 6-may kuni, aprel oyida Livan va “Hizbulloh” bilan erishilgan sulhdan so‘ng ilk bor poytaxt Bayrutga hujum qildi. Shaharning janubiy chekkasida guruhning elita “Radvan” bo‘linmasi qo‘mondoni nishonga olingani ma’lum qilindi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Isroil Kats bu haqda qo‘shma bayonot berdi. Isroil OAV zarba oqibatida qo‘mondon o‘ldirilganini xabar qildi. Biroq Isroil harbiylari yoki “Hizbulloh” bu ma’lumotni hali rasman tasdiqlaganicha yo‘q.
Livandagi sulh AQSH va Eron o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining asosi hisoblanadi. Isroilning Livandagi zarbalarini to‘xtatish Eronning asosiy talabi edi. Vashington va Tehron kelishuvga yaqinlashayotgan bir paytda, ushbu zarbalar sulhni xavf ostiga qo‘ymoqda. Hozirda Isroil qo‘shinlari Litani daryosidan janubda qolmoqda va Livan janubida zarbalar davom etmoqda.
“Hizbulloh” bunga javoban Isroil askarlari tomon dronlar va raketalar uchirgan. Shuningdek, Isroil 6-may kuni Litani daryosidan shimoldagi bir nechta qishloq aholisini evakuatsiyaga chaqirdi. Bu Isroil harbiy harakatlar zonasini kengaytirishi mumkinligidan dalolat beradi.
Diplomatik aloqa va ziddiyatlar
Isroil va Livan o‘rtasidagi muzokaralar elchilar darajasida davom etmoqda. Livan bosh vaziri Navaf Salam yuqori darajadagi uchrashuvlar haqida gapirishga hali erta ekanini aytdi. Salamning so‘zlariga ko‘ra, sulhni mustahkamlash Vashingtondagi yangi muzokaralar uchun asos bo‘lishi kerak.
Aprel oyida Vashingtonda Isroil va Livanning AQSHdagi elchilari o‘rtasida 33 yilda ilk bor ikki marta uchrashuv o‘tkazildi. “Hizbulloh” bu kabi aloqalarga keskin qarshilik ko‘rsatmoqda.
Tramp rejasi va Livan pozitsiyasi
23-aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp sulh muddati uch haftaga uzaytirilganini e’lon qildi. U yaqin vaqt ichida Netanyaxu va Livan prezidenti Jozef Aunni qabul qilishni rejalashtirganini aytdi. Tramp ikki mamlakat o‘rtasida 2026-yil tinchlik bitimi imzolanishiga katta imkoniyat bor deb hisoblamoqda.
Navaf Salam Livan Isroil bilan aloqalarni normallashtirishni emas, balki tinchlikka erishishni istayotganini bildirdi.
“Bizning minimal talabimiz Isroil qo‘shinlarini olib chiqib ketish muddatidir”, dedi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hukumat “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish rejasini ishlab chiqadi. Prezident Jozef Aun esa Netanyaxu bilan uchrashishning vaqti kelmaganini aytdi. U uchrashuvdan oldin xavfsizlik kelishuviga erishish va hujumlarni to‘xtatish zarurligini ta’kidladi.
To‘qnashuv va yo‘qotishlar
Isroil Livan janubiga 10 kilometr ichkari kirib borib, xavfsizlik zonasini tashkil qilgan. Tel Aviv buni o‘z shimoliy hududlarini himoya qilish bilan izohlamoqda. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, 6-may kuni ham mamlakat janubiga hujumlar davom etdi. Jumladan, Zelaya shahridagi zarba oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Ular orasida ikki ayol va bir keksa erkak bor.
2-martdan beri Livandagi urushda 2700 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Isroil tomonining ma’lumotiga ko‘ra, shu vaqt ichida Livan janubida 17 nafar isroillik askar va shimolda ikki nafar tinch aholi vakili qurbon bo‘ldi.








