AQSH prezidenti Donald Tramp Livanga berilgan zarbalar tufayli Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni telefon orqali haqoratli so‘zlar bilan urishib berdi. Bu haqda manbalarga tayanib Axios xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Tramp suhbatda Isroil hukumati rahbarini “aqldan ozgan” deb ham atagan. U korrupsiyaga oid ish bo‘yicha Netanyaxuga qamoq jazosidan qutulib qolishga yordam berganini eslatgan.
Shuningdek, Livanga berilgan zarbalar tufayli Netanyaxuni “hamma yomon ko‘rayotgani” va bu uning mamlakatini yanada kuchliroq xalqaro yakkalanishga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan.
“Sen aqldan ozgansan. Men bo‘lmaganimda qamoqda o‘tirarding, seni qutqaryapman. Hozir seni hamma yomon ko‘rib qoldi. Mana shu ishlaring tufayli hamma Isroildan nafratlanmoqda”, degan u.
Tramp tinch aholi orasidagi qurbonlardan xavotirda
1-iyun kuni Netanyaxu Eron hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” guruhi bilan ziddiyat kuchayganini ro‘kach qilib, Bayrutning janubiy chekkalariga zarba berishga buyruq berdi. Bundan bir kun avval “Hizbulloh”ning Isroil shimoliy hududlariga bergan zarbalaridan keyin Netanyaxu Livandagi quruqlikdagi operatsiyani ham kengaytirgan edi.
AQSH ma’muriyatiga yaqin manbalarning Axios’ga ma’lum qilishicha, telefon suhbati chog‘ida Tramp Livandagi tinch aholi orasida qurbonlar soni ko‘pligi hamda “Hizbulloh”ning bir necha qo‘mondonini yo‘q qilish amaliyoti uchun turar joy binolari buzib tashlanayotganidan xavotir bildirgan.
Tramp telefon suhbatidan so‘ng Isroil va Livanning “Hizbulloh” harakati otashkesim bo‘yicha kelishuvga erishganini ta’kidladi. U Netanyaxu bilan “juda samarali suhbat” o‘tkazganini bildirdi. Shundan so‘ng, Bayrutga qo‘shin yubormaslik to‘g‘risida qaror qabul qilingani va bu yo‘nalishda harakatlanayotgan bo‘linmalar ortga qaytarilganini aytdi.
“Men Isroil bosh vaziri Bibi Netanyaxu bilan juda samarali muloqot olib bordim va Bayrutga hech qanday qo‘shin yuborilmaydi. Yo‘lda bo‘lgan barcha bo‘linmalar ortga qaytarildi. Bundan tashqari, yuqori martabali vakillar orqali “Hizbulloh” bilan juda yaxshi suhbatlashdim va ular o‘t ochishni butunlay to‘xtatishga rozi bo‘ldi. Isroil ularga hujum qilmaydi va ular ham Isroilga hujum qilmaydi”, dedi AQSH rahbari o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.








