Daryo

Isroil Livanga keng ko‘lamli zarba berdi: 30 dan ortiq odam halok bo‘ldi (video)

Hujumlar poytaxt Bayrutdan tortib mamlakatning janubiy va sharqiy hududlarigacha yoyilgan bo‘lib, 40 dan ortiq odam jarohatlangan.

2 daqiqa o‘qish3 176 ko‘rishlar0 izoh1

Isroil 18-mart kuni Livanga keng ko‘lamli zarba berdi. Al Jazeera’ga ko‘ra, buning oqibatda 20 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Anadolu nashri esa qurbonlar soni 33 nafar ekanini xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, Isroil harbiy havo kuchlari poytaxt Bayrut markazidagi Bashura mavzesida joylashgan binoga zarba bergan. Portlash va quyuq tutun ustuni Isroil tomonidan hududni evakuatsiya qilish haqida ogohlantirish berilganidan ko‘p o‘tmay ko‘tarilgan.

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, jarohatlanganlar ham 40 dan ortiqni tashkil etmoqda. Birgina Bayrutdagi aviazarbalar oqibatida kamida 6 kishi hayotdan ko‘z yumdi.

Hujumlar poytaxtdan tortib mamlakatning janubiy va sharqiy hududlarigacha yoyilgan bo‘lib, bu AQSH hamda Isroilning Eronga qarshi mintaqani qamrab olgan keng ko‘lamli urushining bir qismiga aylandi.

Al Jazeera muxbiri Zeyna Xodrning xabar berishicha, Isroil tunda Livan bo‘ylab, jumladan, Bayrut markaziga shiddatli hujumlar uyushtirgan. Muxbirning vayron bo‘lgan 15 qavatli bino oldidan turib xabar berishicha, inshootning pastki qavatlari bir hafta oldin ham o‘qqa tutilgan edi. Bugun tongda esa bino butunlay yer bilan yakson qilingan. Isroil armiyasi ushbu binoda “Hizbulloh” naqd pul mablag‘larini saqlaganini da’vo qilmoqda.

Janub va sharqdagi vaziyat

Isroil harbiylari janubiy Livanda “cheklangan quruqlikdagi operatsiyalar” boshlanganini e’lon qilib, Zahrani daryosi va Tir shahri yaqinidagi to‘rtta shaharcha aholisini zudlik bilan shimolga qochishga chaqirdi. Shuningdek, tong saharda Tir va Burj-Shemali hududlariga zarbalar berilgani xabar qilindi.

Boshqa hududlardagi talafotlar

  • Bekaa vodiysida joylashgan Sahmar shaharchasida to‘rtta uy nishonga olinishi oqibatida kamida 4 kishi halok bo‘ldi.
  • Saydo shahrida avtomobilga berilgan zarba oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi (ulardan biri tibbiyot xodimi), bir kishi yaralandi.
  • Baalbek shahrida 17-mart kuni Ras al-Ayn mavzesidagi turar joy binosiga berilgan zarba qurbonlari soni 4 nafarga yetdi, 7 kishi jarohatlangan.

Umumiy talafotlar va gumanitar inqiroz

Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi Isroilning 2-martdan boshlangan hujumlari oqibatida umumiy hisobda kamida 912 kishi (shundan 111 nafari bolalar) halok bo‘lganini, 2200 dan ortiq kishi jarohatlanganini ma’lum qildi. Bir milliondan ortiq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.

BMT Isroilning turar joy binolari va fuqarolik infratuzilmasiga hujumlarini harbiy jinoyat deb baholanishi mumkinligidan ogohlantirdi. Tashkilot vakilining ta’kidlashicha, tinch aholini qasddan nishonga olish va majburiy evakuatsiya buyruqlari xalqaro huquqni buzish hisoblanadi.

Livan prezidenti Jozef Aun 18-mart kuni yuqori darajadagi xavfsizlik yig‘ilishini o‘tkazdi. Unda mamlakatdagi xavfsizlik vaziyati, qurbonlar soni ortayotgani va aholining ommaviy ko‘chishi bilan bog‘liq muammolar muhokama qilindi.

Mojaro ildizi

Mazkur keskinlik 28-fevral kuni AQSH va Isroil kuchlari tomonidan Tehron shahrida Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘ldirilishi ortidan boshlangan edi. Bunga javoban “Hizbulloh” 2-mart kuni Isroil shimoliga raketa hujumlarini boshladi. Shu kundan buyon Isroilning Eron va Livan hududlaridagi hujumlari oqibatida jami 2000 dan ortiq kishi halok bo‘ldi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar