Daryo

Nigeriyada bolalar uyidan 23 nafar bola o‘g‘irlab ketildi

Mamlakatda odam oʻgʻirlash jinoiy guruhlar uchun oson daromad manbasiga aylangan. Bolalar uyi rahbarining rafiqasi ham oʻgʻirlab ketilgani aytilmoqda.

2 daqiqa o‘qish1 609 ko‘rishlar0 izoh0

Nigeriyada qurollangan shaxslar bolalar uyiga bostirib kirib, kamida 23 nafar bolani o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Bolalar 26-aprel kuni kechqurun Dahallukitab Group of Schools nomli ro‘yxatdan o‘tmagan muassasadan olib ketilgan. Hodisa Kogi shtatining poytaxti Lokojada sodir boʻlgan. Afrikaning eng ko‘p aholiga ega mamlakatida odamlarni ommaviy oʻgʻirlash jinoiy guruhlar uchun tez pul topish usuliga aylangan. Bu holatlar ayniqsa hukumat nazorati sust bo‘lgan qishloqlarda kuzatiladi.

Kogi axborot komissari Kingsli Fanvoning aytishicha, xavfsizlik idoralarining “tezkor va muvofiqlashtirilgan harakati” bilan 15 nafar bola qutqarilgan, ammo 8 nafari bedarak yo‘qolgancha qolmoqda. Bolalar uyi egasining rafiqasi ham o‘g‘irlab ketilgani aytilmoqda.

“Qolgan sakkiz nafar jabrlanuvchini xavfsiz qaytarish va jinoyatchilarni qo‘lga olish bo‘yicha ishlar davom etmoqda”, dedi rasmiy.

Fanvoning aytishicha, mehribonlik uyi tegishli organlar va xavfsizlik idoralaridan yashirin tarzda, chekka hududda noqonuniy faoliyat yuritgan. Bayonotda o‘g‘irlangan bolalarning yoshi ochiqlanmagan, biroq ular Nigeriyada odatda bog‘cha yoki boshlang‘ich maktab yoshidagi, ya’ni 12 yoshgacha bo‘lgan “o‘quvchilar” ekani aytilgan.

Hujum uchun javobgarlikni hali hech bir guruh o‘z zimmasiga olmadi. Nigeriya bir vaqtning o‘zida bir nechta qurolli mojarolarga duch kelmoqda: “Boko Haram” guruhining uzoq yillik zo‘ravonliklaridan tortib, “bandit” guruhlar hujumi, dehqonlar va chorvadorlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar hamda janubi-sharqdagi ayirmachilar harakatigacha.

ISHIDga aloqador Lakurava guruhi Niger bilan chegaradosh shimoli-g‘arbiy qismda ham faoliyat yuritadi. 14-fevral kuni qurollangan shaxslar Nigerdagi uchta qishloqqa hujum qilib, kamida 32 kishini o‘ldirdi. Hodisa Niger shtatining Borgu hududida sodir bo‘ldi. Bu hududda ISHIDga aloqador qurolli guruhlar va odamlarni to‘lov evaziga o‘g‘irlovchi jinoiy to‘dalar faoliyat yuritadi.

Mazkur hodisadan atigi yetti kun o‘tib Nigeriyaning Adamava shtatida jangarilar ikkita hujum uyushtirdi. Oqibatda 24 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Jangarilar bozorni talab, oziq-ovqat mahsulotlari va mototsikllarni o‘g‘irlab ketgan.

7-aprel kuni qurollangan shaxslar qishloqlarga hujum qilib, kamida 20 kishini o‘ldirdi. Hodisa Shiroro tumanida sodir bo‘lgan, bu hudud odam o‘g‘irlovchi to‘dalar va jangarilar faoliyati bilan tanilgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar