Livanda Iso Masih haykalini bolg‘a bilan urib shikastlagan isroillik askar va uni suratga olgan sherigi jangovar xizmatdan chetlatilib, 30 sutkaga qamaldi. Bu haqda Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL)ga tayanib The Times of Israel xabar berdi.
Hodisa xristianlar yashaydigan Debel qishlog‘ida yuz bergan. Voqe joyida askar va sherigidan tashqari yana olti nafar harbiy xizmatchi boʻlgan. Ular “hodisaning oldini olish yoki bu haqda xabar berish uchun chora ko‘rmagani” ta’kidlangan. Mahalliy aholi bilan kelishilgan holda haykalni almashtirish ishlari boshlangan.
“Surishtiruv natijasi askarlarning xatti-harakati Isroil mudofaa kuchlarining buyruqlari va qadriyatlariga mutlaqo zid ekanini ko‘rsatdi”, deyiladi SAXAL bayonotida.
Voqeaga guvoh bo‘lgan askarlar tushuntirish suhbatlariga chaqirilgan. Ularga qo‘mondonlik darajasida qo‘shimcha choralar belgilangan.
“Tegishli hududlarga kirishdan oldin askarlarga diniy muassasalar va ramzlar bo‘yicha qat’iy tushuntirishlar berilgan edi va hodisadan so‘ng hududdagi barcha harbiylar uchun bu qoidalar yana kuchaytiriladi”, deyiladi Isroil armiyasi bayonotida.
SAXAL bosh shtabi boshlig‘i, general-leytenant Eyal Zamir “hodisani qoralab, bu yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan xatti-harakat va ma’naviy tubanlik ekanini” ta’kidlagan.
Ma’lumot oʻrnida, 2025-yil noyabr oyida isroillik ko‘chmanchilar G‘arbiy Sohilda masjidni yoqib yuborgan edi. Mahalliy aholi olovni o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan, biroq bino qisman zarar ko‘rgan. 2024-yil avgust oyida esa Isroil harbiylari Gʻazo sektoridagi masjidda Qur’onni yoqib yuborgandi. Hodisa Bani Salih masjidida yuz bergan, dastlab harbiylar muqaddas kitobning sahifalarini yirtgandi. Bundan tashqari, Xon Yunusdagi tarixiy masjid bombardimon qilingan edi.








