Isroilning “Hizbulloh” guruhiga qarshi harbiy amaliyotlari tufayli Livan jiddiy oziq-ovqat xavfsizligi inqiroziga yuz tutmoqda. Bu haqda BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi (WFP)ning 10-aprel kungi bayonotida ma’lum qilindi.
8-aprel kuni e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish tartibi AQSH va Isroilning Eronga qarshi havo hujumlarini to‘xtatgan bo‘lsa-da, Livandagi vaziyat hamon tarangligicha qolmoqda. 2-mart kuni “Hizbulloh” o‘z homiysi hisoblangan Eronni qo‘llab-quvvatlash uchun Isroilga o‘t ochganidan so‘ng, Isroil Livan bo‘ylab, xususan, janubiy hududlarga shiddatli zarbalar bera boshladi.
“Biz guvoh bo‘layotgan hodisa shunchaki majburiy ko‘chish emas, bu tobora oziq-ovqat xavfsizligi inqiroziga aylanmoqda”, dedi WFPning Livandagi direktori Ellison Oman Bayrutdan videoaloqa orqali qilgan chiqishida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, narxlarning ko‘tarilishi va qochqin oilalar orasida talabning ortishi sababli aholi uchun oziq-ovqat sotib olish borgan sari imkonsiz bo‘lib bormoqda.
Sabzavot va non narxi keskin ko‘tarildi
WFP ma’lumotlariga ko‘ra, 2-martdan buyon Livanda sabzavotlar narxi 20 foizga, non narxi esa 17 foizdan ko‘proqqa oshgan. Ellison Omanga ko‘ra, aholi daromad manbalaridan uzilib qolgan, mamlakat janubidagi bozorlarning 80 foizdan ortig‘i o‘z faoliyatini to‘xtatgan.
Shuningdek, janubiy hududlardagi ko‘plab savdogarlar ixtiyorida bir haftadan kamroq muddatga yetadigan asosiy oziq-ovqat zaxirasi qolgan.
Livan Iqtisodiyot va savdo vazirligi mamlakatdagi umumiy oziq-ovqat zaxiralari 3-4 oyga yetishini ta’kidlamoqda. Vazirlik bayonotiga ko‘ra, ta’minot zanjirlari hamda port va quruqlikdagi chegara o‘tish joylari orqali eksport-import operatsiyalari odatdagidek davom etmoqda. Bundan tashqari, yoqilg‘i va oziq-ovqatning strategik zaxiralari mavjudligi bildirildi.
Insonparvarlik yordami va to‘siqlar
Janubdagi borish qiyin bo‘lgan hududlarga yordam yetkazish murakkabligicha qolmoqda. Ilgari zarba berilgan Qasmiya ko‘prigi qayta tiklangan bo‘lsa-da, harakatlanish hamon xavfli.
Hozirgacha WFP’ning 10 ta karvoni janubdagi gumanitar yordamga muhtoj bo‘lgan 50 mingdan 150 minggacha bo‘lgan aholiga ko‘mak yetkazishga muvaffaq bo‘ldi. Ellison Omanning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi keskinlashuvdan oldin ham Livanda 900 ming kishi oziq-ovqat tanqisligi bilan yashayotgan edi, endilikda bu ko‘rsatkich yanada o‘sishi kutilmoqda.








