Daryo

Erondagi urush tugamas ekan, oziq-ovqat narxi ko‘tarilaveradi — BMT

Global energiya bozoridagi tebranishlar fonida mart oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxi 2,4 foizga o‘sdi, biroq asosiy xavf hali oldinda bo‘lishi mumkin.

2 daqiqa o‘qish7 744 ko‘rishlar0 izoh1

Jahon bozorida oziq-ovqat mahsulotlari narxi 2026-yilning mart oyida 2025-yilning sentyabr oyidan buyon eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Agar Erondagi urush oqibatida energiya resurslari narxi oshishda davom etsa, oziq-ovqat narxlari yanada qimmatlashishi mumkin. Bu haqda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning 3-aprel kungi bayonotiga tayanib, The Economic Times xabar berdi.

FAO bosh iqtisodchisi Maksimo Torero bayonotiga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon narxlarning o‘sishi unchalik yuqori bo‘lmagan. Bunga asosiy sabab neft narxi oshishi fonida don mahsulotlarining global zaxiralari yetarli darajada ekanidir.

Biroq iqtisodchi jiddiy xavf haqida ogohlantirdi.

“Agar urush 40 kundan ortiq davom etsa va ishlab chiqarish xarajatlari yuqoriligicha qolsa, fermerlar o‘g‘itlardan foydalanishni kamaytirishi, kamroq ekin ekishi yoki o‘g‘itni kam talab qiladigan ekinlarga o‘tishi mumkin. Bunday tanlov kelajakdagi hosildorlikka zarba beradi va 2026-yilning qolgan qismi hamda kelgusi yil uchun oziq-ovqat ta’minoti va narxlarini belgilab beradi”, dedi Torero.

Raqamlar nima deydi?

Xalqaro miqyosda sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlari savatidagi o‘zgarishlarni o‘lchaydigan FAO oziq-ovqat narxlari indeksi mart oyida fevral oyiga nisbatan 2,4 foizga oshdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 1 foizga yuqori deganidir. Shunga qaramay, narxlar 2022-yil mart oyidagi (Ukraina urushi boshlangan paytdagi) eng yuqori cho‘qqisidan 20 foizga pastroq.

Mahsulotlar bo‘yicha tahlil

Bug‘doy. AQSHda hosil istiqbollari yomonlashgani va Avstraliyada o‘g‘it xarajatlari sababli ekish hajmi kamayishi kutilayotgani fonida xalqaro bug‘doy narxlari 4,3 foizga oshdi.

O‘simlik yog‘i. Narxlar 5,1 foizga ko‘tarilib, ketma-ket uchinchi oy o‘sishni ko‘rsatdi. Palma yog‘i narxi 2022-yil o‘rtalaridan beri eng yuqori darajaga yetdi.

Shakar. Mart oyida narxlar 7,2 foizga oshdi. Bunga neft narxi oshishi sababli dunyodagi eng yirik eksportchi Braziliya shakarqamishni shakar ishlab chiqarishdan ko‘ra ko‘proq etanol ishlab chiqarishga yo‘naltirishi haqidagi prognozlar sabab bo‘ldi.

Go‘sht. Yevropa Ittifoqida cho‘chqa go‘shti va Braziliyada mol go‘shti qimmatlashgani hisobiga narxlar 1 foizga oshdi.

Guruch. Hosil yig‘im-terimi va talab kamligi sababli narxlar 3 foizga arzonlashdi.

Boshqa bir hisobotda FAO 2025-yil uchun global don ishlab chiqarish prognozini biroz oshirdi. Kutilayotgan ko‘rsatkich — rekord darajadagi 3,036 milliard metrik tonnani tashkil etadi. Bu 2025-yilga nisbatan 5,8 foizga ko‘p demakdir.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar