Daryo

Toshkent viloyati kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiriladi

Prezident rahbarligidagi yig‘ilishda hududda ishsizlikni kamaytirish ustuvor vazifa etib belgilandi, buning uchun joriy yilda 883 ta mahallani to‘liq qamrab olish va 84,7 ming aholini ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.

1 daqiqa o‘qish3 038 ko‘rishlar0 izoh0

Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 8-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Toshkent viloyatini kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish ustuvor vazifa etib belgilandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Majlisda ta’kidlanishicha, viloyat poytaxtga yaqin joylashgani bois bu yerda yashovchi aholining daromadi va turmush darajasi ham Toshkent shahri darajasiga mos bo‘lishi zarur. Shu maqsadda hududda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

So‘nggi yillarda viloyatda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. Xususan, 2024–2025-yillarda 23 ta qaror qabul qilinib, 14 ta sanoat zonasi tashkil etildi, 115 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi va 300 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Shu bilan birga, 237 ta yangi eksportchi paydo bo‘ldi, poytaxt ekologiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan korxonalarni viloyatga ko‘chirish ishlari boshlandi.

2026-yilda viloyat iqtisodiyotini 9,1 foizga oshirish, 6,2 milliard dollar investitsiya jalb qilish va 2,8 milliard dollar eksportni ta’minlash rejalashtirilgan. Shuningdek, sun’iy intellekt asosida hududlar salohiyatini tahlil qilish va “Raqamli taraqqiyot — sun’iy intellekt markazi”ni tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda joriy yil uchun aniq vazifalar ham belgilandi. Jumladan, 883 ta mahallani kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, 84,7 ming aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 37 ming norasmiy ish o‘rnini legallashtirish hamda 13,3 ming ishsiz fuqaroni kasbga o‘qitish rejalashtirilgan.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar