Qashqadaryo viloyatida 2026-yil yakuniga qadar kambag‘allik darajasini 3 foizga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 10-mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda viloyatning katta hududi, boy tabiiy resurslari, rivojlangan sanoati hamda mehnatkash va tadbirkor aholisi bilan katta iqtisodiy salohiyatga ega ekani ta’kidlandi. O‘tgan yili viloyatda yalpi hududiy mahsulot 6,8 foizga, sanoat 7,2 foizga, xizmatlar sohasi 13,6 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 4,3 foizga o‘sgan. 2017—2025-yillarda aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot hajmi 3,2 barobar oshib, 26,9 million so‘mga yetgan. Shu davrda ishsizlik 4,9 foizgacha, kambag‘allik darajasi esa 6,5 foizgacha kamaygan.
2026-yilda iqtisodiyot tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirish orqali sanoatda 8,6 foizlik o‘sishga erishish, 3,5 milliard dollar investitsiya hisobiga 727 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgani qayd etildi. Natijada viloyat iqtisodiyoti 8,2 foizga, xizmatlar sohasi 15,9 foizga, qurilish 13,2 foizga, qishloq xo‘jaligi esa 5,8 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Sanoatda 1,7 milliard dollarlik 195 ta loyihani ishga tushirish, qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda mikrosanoat markazlari tashkil etish orqali yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, mato, kiyim-kechak va gigiyenik vositalar, qishloq xo‘jaligi texnikasi va uskunalari, elektr avtomobillar uchun quvvatlash stansiyalari, fibrosement panellar va devor plitalari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Muborak maxsus innovatsion sanoat zonasi hamda Qarshi yashil texnologiyalar sanoat zonasi tashkil etilib, 2026—2027-yillarda ularda 1,1 milliard dollardan ortiq qiymatdagi 36 ta loyihani amalga oshirish va qariyb 6 mingta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
Mahallalarni chuqur va o‘rta ixtisoslashtirish, imtiyozli kredit hamda subsidiyalar ajratish orqali kambag‘allikni qisqartirish zarurligi ham qayd etildi. Xususan, mahallalarda 820 milliard so‘mlik kreditlar, 52,3 milliard so‘mlik ssuda va subsidiyalar ajratish, o‘zini o‘zi band qilganlarni qo‘llab-quvvatlash orqali 48 mingta tadbirkorlik subyekti tashkil etish va 31 mingta mikroloyiha amalga oshirish rejalashtirilgan.
Natijada 2026-yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik darajasini 3,2 foizga, kambag‘allik darajasini esa 3 foizga tushirish, shuningdek G‘uzor, Qamashi, Ko‘kdala, Mirishkor, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlarini kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan.








