Shavkat Mirziyoyev 31-mart kuni Namangan viloyatida islohotlar natijadorligi hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi. Unda yil yakunigacha viloyatda ishsizlik darajasini 3,5 foizga, kambagʻallikni esa 2,5 foizga tushirish vazifasi belgilandi.
Yigʻilishda soʻnggi yillarda Namanganda sanoat, xizmatlar va tadbirkorlik sohalarida katta oʻsish kuzatilib, viloyat koʻplab yoʻnalishlarda boshqa hududlar uchun namunaga aylangani taʼkidlandi. Xususan, sakkiz yilda 40 mingdan ziyod yangi korxona ish boshlagan, ishlab chiqarish hajmi 6 barobarga oshib, 40 trillion soʻmga yetgan.
Qayd etilganidek, 2025-yil yakunlari boʻyicha viloyat yalpi hududiy mahsuloti 85,4 trillion soʻmni tashkil etib, oʻsish surʼati 8,2 foizga yetgan. Sanoat mahsulotlari hajmi 40,1 trillion soʻmni, xizmatlar hajmi 56,3 trillion soʻmni tashkil qilgan. Viloyatga 3,3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilinib, eksport hajmi 916 million dollarga yetgan.
Davlat rahbari jahon bozoridagi beqaror vaziyat sharoitida iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolish va yangi “oʻsish nuqtalari”ni ishga solish muhimligini taʼkidladi. Shu munosabat bilan 2026-yilda viloyat iqtisodiyotini 9,2 foizga, sanoatni 9 foizga, xizmatlarni 16,3 foizga, qishloq xoʻjaligini 6,8 foizga oshirish, turizm eksportini esa 1,7 barobar koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi.
Shuningdek, xorijiy investitsiyalar hajmini 5 milliard dollarga, eksportni 1,2 milliard dollarga olib chiqish belgilandi. Yil yakunigacha Namangan shahri, Davlatobod, Yangi Namangan, Namangan, Kosonsoy, Norin va Uychi tumanlarini ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududlarga aylantirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda sunʼiy intellekt asosida hududiy salohiyatni chuqur tahlil qilish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Norin tumani misolida investitsiyani ikki baravar oshirish, sanoatni 10,4 foizga va eksportni 35 foizga ko‘paytirish imkoniyatlari aniqlangani aytildi va ushbu yondashuvni barcha tumanlarga joriy etish topshirildi.
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalasiga ham urgʻu berilib, kam samarali 2,5 ming gektar bogʻlar oʻrnida zamonaviy intensiv bogʻlar barpo etish va qoʻshimcha 8 ming gektar yerlarni oʻzlashtirish vazifasi qoʻyildi. Bu orqali yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish ko‘zda tutilgan.








