Qashqadaryo viloyatida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish oqibatida tabiatga 248 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tungi reyd davomida aniqlangan. Reyd G‘uzor tumani hududidan oqib o‘tuvchi Qashqadaryo daryosi bo‘yida tungi soat 01:00 atrofida o‘tkazilgan.
Moratoriy amal qilayotganiga qaramay, huquqbuzar shaxs tomonidan go‘yoki baliqchilik ko‘li tashkil etish bahonasida qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy ravishda qazib olinib, sotib kelingani fosh etilgan.
Avvalroq Chirchiq daryosida qum-shag‘al aralashmasini qazib olganlar tabiatga 83 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazgani haqida xabar berilgandi. Holat yuzasidan yuk tashuvchi vosita vaqtinchalik saqlab turish uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Bundan tashqari, Samarqandda Qoradaryo daryosidan qum-shagʻal qazib olganlar tabiatga 43 milliard soʻmdan ortiq zarar yetkazgani ma’lum qilingan. Texnikalar vaqtincha jarima maydoniga joylashtirilib, tegishli hujjatlar viloyat prokuraturasiga yuborilgan.








