Chirchiq daryosida qum-shag‘al aralashmasini qazib olganlar tabiatga 83 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazdi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan Quyi Chirchiq tumanida navbatdagi tungi ekologik nazorat tadbirlari o‘tkazildi.
Reyd davomida Quyi Chirchiq tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi o‘zani oqim bo‘ylab davlat raqami yechib olingan yuklagich yordamida qum-shag‘al aralashmasi qazib olinib, Howo rusumli yuk tashish transport vositasiga yuklab berilayotgani aniqlandi.
Natijada “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi hamda “Yerosti boyliklari to‘g‘risida”gi qonunlar talablari buzilgan va Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-noyabrdagi qaroriga asosan tabiatga 83 milliard 357 million 600 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Qum-shag‘al qazib olingan maydonning bir qismi tuproq, loy va tosh aralashmalari bilan to‘ldirib qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi va qum-shag‘al aralashmalari qazib olingan maydonning qolgan qismida o‘lchov ishlari amalga oshirildi.
Holat yuzasidan voqea joyida bo‘lgan yuk tashuvchi avtotransport vositasi vaqtinchalik saqlab turish uchun jarima maydonchasiga joylashtirildi. To‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun Toshkent viloyat prokuraturasiga yuborildi.








