Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida o‘qituvchiga qo‘shimcha dars soatlari ajratish evaziga pul talab qilgan maktab direktori 2 yilga qamaldi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.
Aniqlanishicha, fuqaro 2022-yil iyundan buyon tumandagi maktablardan birida direktor bo‘lib ishlab kelgan.
Joriy yilning may oyida maktabning fan o‘qituvchisi 2026/2027-o‘quv yilida dars soatlarini ko‘paytirishni so‘rab direktorga murojaat qilgan. Rahbar dastlab rozi bo‘lmagan, ammo 1000 dollar bersa, qo‘shimcha dars soati ajratilishida yordam qilishini aytgan. O‘qituvchi oilaviy sharoitini tushuntirgach, direktor 700 dollarga masalani hal qilishga rozi bo‘lgan.
O‘qituvchi direktorning uyiga borib, unga avans sifatida 50 dollar bergan va holat yuzasidan Bosh prokuratura departamentining Chiroqchi tumani bo‘limiga xabar bergan.
Murojaat yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan va rahbar ushlangan.
Sudda direktor pulni dars soatlarini ko‘paytirish evaziga emas, balki qarz sifatida olganini bildirib, yengillik so‘ragan.
Fuqaro Jinoyat kodeksining 210-moddasi 1-qismi (pora olish) bilan aybdor deb topilgan. Unga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Bundan tashqari, 2 yil davomida ta’lim muassasalarida rahbarlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Avvalroq Qashqadaryoda direktorlikka tayinlanganiga 2 oy bo‘lmasdan 500 dollar pora olgan maktab rahbari besh yilga qamalgandi. Shuningdek, Surxondaryoda o‘rinbosaridan 2 million so‘m pora olgan maktab direktoriga 4 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.








