3-aprel kuni soat 15:26:49 da Tojikiston hududida zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Seysmoprognostik monitoring respublika markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, zilzilaning magnitudasi 5,5 ni tashkil etgan, o‘chog‘i 10 kilometr chuqurlikda joylashgan. Episentr koordinatalari 39,27 N va 71,01 E bo‘lib, u Toshkentdan 269 kilometr janubi-sharq yo‘nalishda joylashgan.
Zilzila O‘zbekiston hududida ham sezilgan. Eng kuchli silkinish Farg‘ona viloyatida qayd etilib, 3 ballni tashkil qilgan. Namangan, Andijon, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hamda poytaxtda 2 balli silkinish kuzatilgan.








