Toshkent shahrida taksi haydovchisi voyaga yetmagan yo‘lovchiga, Farg‘onada esa 10-sinf o‘quvchisiga shilqimlik qilgan erkaklar 5 sutkaga qamaldi. “Daryo” shu haqdagi sud hujjatlari bilan tanishdi.
Aniqlanishicha, 1995-yilda tug‘ilgan F.X. 2025-yilning 1-dekabr kuni o‘zining boshqaruvidagi Matiz rusumli transport vositasiga J.E.ni yo‘lovchi sifatida orqa o‘rindiqqa o‘tkazib, Toshkent shahri, Uchtepa tumanidagi Shirin chorrahasidan qayrilib avtomashinani to‘xtatib, turli shahvoniy harakatlar qilgan. F.X. holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borish uchun IIB binosiga olib kelinganda baqir-chaqir qilib, mayda bezorilik sodir qilgan va xodimlarning qonuniy talablarini bajarmagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudining qarori bilan F.X. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik qilish), 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi 1-qismida (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilgan. Unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi hamda bazaviy hisoblash miqdorining 8 baravari miqdorida, ya’ni 3 million 296 ming so‘m jarima tayinlangan.
Yana bir holatda esa 2005-yilda tug‘ilgan B.F. joriy yilning 9-dekabr kuni So‘x tumanida joylashgan maktabning 10-sinf o‘quvchisi S.X.ning orqasidan Damas rusumli avtomashinasida orqasidan kuzatib, kun davomida taqib qilgan. Shuningdek, C.X.ga WhatsApp ijtimoiy tarmog‘i orqali uning tashqi ko‘rinishi o‘ziga yarashgan ekanligini, bir marta bo‘lsa ham uchrashishni istashligini aytib, turli jinsiy aloqa harakatlari to‘g‘risida yozgan.
Sud B.F.ni MJtKning 41-1-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, unga nisbatan 5 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.
Bundan avval Toshkentda avtobusda voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamalgandi.
Qashqadaryoda 31 yoshli erkak yangasiga shilqimlik qilgani uchun 4 sutkaga qamalgani xabar qilingan edi. Toshkentda xotinining 17 yoshli jiyaniga shilqimlik qilgan 52 yoshli erkak 5 sutkaga qamalgandi. Xorazmda oilali ayolga WhatsApp orqali shilqimlik qilgan shaxs qamalgandi.








